Qrim rahbari Sergey Aksyonov Kerchda, shuningdek, hududning Leninskiy tumanida terrorchilik xavfining “sariq” darajasini joriy qildi. Bu haqda u Telegram-kanalida yozdi.
Aksyonovning so‘zlariga ko‘ra, huquq-tartibot idoralari va hokimiyat organlari “shaxs, jamiyat va davlat xavfsizligini ta’minlashga qaratilgan qo‘shimcha choralar ko‘rmoqda”.
Xavfning yuqori darajasi 23-oktabrgacha amal qiladi.
Qrimning bu qismida “sariq” daraja birinchi marta joriy qilinmoqda. Bungacha u faqat Ukraina bilan chegaradosh hududlarda va muhim infratuzilma obyektlarida qo‘llangan.
8-oktabr kuni ertalab Qrim ko‘prigida yuk mashinasi portlab ketdi. Oqibatda ko‘prikning avtomobillar yuradigan qismida bir nechta tayanchlar oralig‘i qulab tushdi, shuningdek, ko‘prikdagi temiryo‘l orqali ketayotgan sisternali tarkib yonib ketdi. Yong‘in oqibatida bir kilometrdan ortiq temiryo‘l (ko‘prik uzunligi taxminan 19 kilometr) zarar ko‘rgan. Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, portlash vaqtida yuk mashinasi yonidan o‘tayotgan mashinada ichidagi uch kishi halok bo‘lgan.
Izoh (0)