Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti Qatarda bo‘lib o‘tgan xalqaro sammitda sun’iy intellekt asosida ishlovchi ko‘p funksiyali tibbiy platforma taqdimotini o‘tkazdi.
“Florans 2.0” deb nomlangan ushbu innovatsion tizim elektron shifokor vazifasini o‘tab, odamlarga stressdan chiqish, to‘g‘ri ovqatlanish, jismoniy faollik, tamaki va elektron sigareta chekishni tashlash, COVID-19 ga qarshi kurash va vaksinalardan samarali foydalanish kabi masalalar yuzasidan yetti tilda tibbiy maslahatlar bera oladi.
Hisob-kitoblarga ko‘ra, dunyoda har 8 kishidan 1 nafari ruhiy tushkunlikdan aziyat chekib yashaydi. Qolaversa, yiliga 16 million nafar odam chekish va to‘yib ovqatlanmaslik oqibatida hayotdan ko‘z yumadi. Jismoniy harakatsizlik tufayli kelib chiqadigan xastaliklar taxminan 830 ming kishining o‘limiga sabab bo‘ladi.
Xalqaro mutaxassislar fikricha, kelgusida bu kabi elektron platformalarning yanada takomillashgan versiyalari ishlab chiqilishi va ulardan elektron tibbiyotda keng foydalanilishi ko‘plab xavfli kasalliklarning oldini olishga xizmat qiladi.
Izoh (0)