“Real” yarim himoyachisi Toni Kroos joriy mavsum so‘ngida faoliyatini yakunlashi mumkin.
AS nashrining xabar berishicha, 32 yoshli futbolchi madridliklarning yangi shartnoma borasidagi taklifini rad etmoqda.
“Qaymoqranglilar” nemis futbolchisi faoliyatini yakunlaydi deb hisoblamoqda. Kroos faoliyatining yuqori cho‘qqisida ketmoqchi. U 34 yoshdan so‘ng futbol o‘ynash niyatida emas. Shuningdek, Toni yosh futbolchilarning rivojlanishiga to‘sqinlik qilmoqchi emas.
“Real” allaqachon Kroosning o‘rnini bosuvchi futbolchilarni qidirishni boshlagan. Nomzodlardan biri — “Flamengo”ning 21 yoshli braziliyalik o‘yinchisi Gomes da Silva bo‘lib turibdi.
Germaniyalik yarim himoyachi 2014-yildan buyon “Real” sharafini himoya qilib kelmoqda. Shu vaqtga qadar madridliklar bilan 3 marta Ispaniya chempionati, 3 marta Ispaniya Superkubogi, 4 marta Chempionlar Ligasi, 4 marta UEFA Superkubogi va 4 marta klublar o‘rtasida Jahon Chempionatida zafar quchgan.
Izoh (0)