Bugun,

  • USD 11095.31
  • RUB 173.84
  • EUR 10772.44

Vladimir Putin Rossiya hududini himoya qilish uchun yadro qurolini qo‘llashga tayyorligini ma’lum qildi. Uning bu gapi dunyoda Rossiya prezidenti Ukrainada kichik “taktik” yadroviy portlashni amalga oshirishi mumkinligi yuzasidan yana jiddiy xavotirlar uyg‘otdi, deb yozadi BBC Rus xizmati.

Taktik yadro snaryadlari “Pion” kabi o‘ziyurar gaubitsalar orqali otilishi mumkin

Taktik yadro snaryadlari “Pion” kabi o‘ziyurar gaubitsalar orqali otilishi mumkin
Foto: Russian Mod

AQSH prezidenti Jo Bayden Putinni ogohlantirdi va bu Ikkinchi jahon urushidan buyon eng jiddiy harbiy keskinlik bo‘lishi mumkinligini aytdi.

Rossiya armiyasi Ukrainada taktik yadro qurolidan foydalanishi mumkinmi va bu qanday xavflarni keltirib chiqaradi?

Taktik yadro quroli nima?

Taktik yadro quroli (TYaQ) — jang maydonida qo‘llash yoki cheklangan yadroviy zarba berish uchun mo‘ljallangan, kichik yadro zaryadlari (uni yetkazib beruvchi vositalar bilan birga).

Ular katta ko‘lamli radioaktiv ifloslanishsiz, muayyan hududdagi nishonlarni yo‘q qilish imkonini beradi.

Eng kichik taktik yadroviy jangovar kallak quvvati trotil ekvivalentda bir kilotonnagacha teng, eng kattalarining quvvati esa 100 kilotonnagacha bo‘ladi.

Strategik yadro quroli bundan ancha kuchli bo‘lib, quvvati 1000 kilotonnagacha bo‘lishi mumkin. U kattaroq — ming kilometrlik masofalarda qo‘llaniladi.

Tarixdagi eng kuchli termoyadroviy portlash — sovet ittifoqining “Sar-bomba”si quvvati 58 megatonnadan ko‘proq bo‘lgan. Xirosimaga tashlangan Amerika atom bombasi quvvati esa 15 kilotonnani tashkil etgan.

Rossiyada qanday taktik yadro quroli bor?

Amerika razvedkasi ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiyada taxminan ikki mingga yaqin taktik yadro zaryadlari bor.

Taktik yadroviy jangovar zaryadlarni oddiy jangovar kallaklar uchun qo‘llaniladigan turli raketalarga, masalan, qanotli yoki tezkor-taktik raketalarga, hatto artilleriya snaryadlariga joylashtirish mumkin.

Taktik yadro qurolini samolyotlar yoki kemalardan ham qo‘llash mumkin — bunday jangovar kallaklar raketalarga, torpedalarga yoki chuqurlik bombalariga o‘rnatiladi.

AQSH da’vo qilishicha, Rossiya so‘nggi yillarda bunday qurollarga katta investitsiyalar kiritib, ularning masofasi va aniqlik darajasini oshirgan.

Taktik yadro quroli qachondir qo‘llanganmi?

Taktik yadro quroli real harbiy nizoda hech qachon qo‘llanilmagan.

AQSH yoki Rossiya kabi yadro davlatlari taktik maqsadlarga erishish uchun oddiy zamonaviy qurol-yarog‘ ham yetarli deb hisoblaydi.

Buning ustiga, hech qaysi yadro davlati taktik yadro quroli qo‘llanilganidan keyin bo‘lgan yadroviy urush yuzaga kelishi mumkinligi yuzasidan, tavakkal qilishni xohlamagan.

Shunga qaramay, Rossiya yirikroq strategik raketalardan ko‘ra, taktik yadro qurollaridan foydalanishga moyil bo‘lishi mumkin.

“Ehtimol, ular bunga yadro qurolini qo‘llash chizig‘ini kesib o‘tish deb qaramaydi, — dedi Britaniyaning Chatham House xalqaro aloqalar qirollik instituti xalqaro xavfsizlik dasturi rahbari Patrisiya Lyuis. — Ular uchun bu oddiy qurol-yarog‘larning bir qismidir”.

Putin yadro quroli qo‘llashi ehtimoli yuzasidan xavotirlanish kerakmi?

2022-yil fevralida, Ukrainaga bostirib kirishdan sal avvalroq, Putin Rossiya strategik yadro kuchlarini “maxsus jangovar navbatchilik rejimi”ga o‘tkazib, strategik yadro kuchlari o‘quv mashg‘ulotlarini olib bordi.

Yaqindagina esa u yadro qurolini nazarda tutib: “Mamlakatimiz hududiy yaxlitligiga nisbatan xavf yuzaga kelgan taqdirda, Rossiya va xalqimiz himoyasi uchun biz, shubhasiz, qo‘l ostimizda bo‘lgan barcha vositalarni qo‘llaymiz. Bu quruq tahdid emas”, — dedi.

Rossiya Ukraina janubi va sharqida o‘zi bosib olgan hududlarni o‘z tarkibiga qo‘shib olmoqchi. Buning uchun u yerlarda referendumlar o‘tkazilmoqda.

Amerika razvedkasi fikricha, Putin yadro urushini boshlamoqchi emas, balki tahdidlar orqali G‘arbni Ukrainaga o‘z yerlarini qaytarib olishda yordam berishni bas qilishga majburlamoqchi.

Boshqalar esa Rossiya jang maydonida muvaffaqiyatsizliklarga uchrashda davom etaversa, “o‘yin qoidalarini o‘zgartirish”, boshi berk ko‘chadan chiqish yoki uzil-kesil mag‘lubiyatga yo‘l qo‘ymaslik uchun Ukrainada kichik quvvatli taktik qurol qo‘llash istagi paydo bo‘lishidan xavfsiramoqda.

AQSH qanday munosabat bildirmoqda?

AQSH prezidenti Jo Bayden Rossiyani Ukrainadagi urushda yadro quroli qo‘llamaslikka chaqirdi va buning oqibatlari haqida ogohlantirdi.

AQSH va NATO yadro quroli qo‘llanilishiga qanday javob ko‘rsatishini taxmin qilish qiyin. Bir tomondan, ular katta ko‘lamli yadro urushi boshlanib ketishidan xavfsirab, nizoni yanada keskinlashtirishni istamasligi mumkin. Boshqa tomondan esa, ularda bo‘layotgan hodisalarga nuqta qo‘yish xohishi ham paydo bo‘lishi mumkin.

Rossiyani Xitoygina taktik yadro quroli qo‘llashdan tiyishi mumkin.

“Rossiya Xitoyning ko‘magiga kuchli bog‘lanib qolgan”, — deb hisoblaydi London Qirollik kolleji atom energiyasi bo‘yicha eksperti Xezer Uilyams.

“Ammo Xitoyda ‘birinchi bo‘lib qo‘llamaslik’ haqidagi yadro doktrinasi bor. Shuning uchun, agar Putin taktik yadro qurolidan foydalansa, Xitoy uni qo‘llab-quvvatlashi qiyin bo‘ladi. Agar Putin bunday qurolni qo‘llasa, katta ehtimol bilan, Xitoyni yo‘qotadi”, — dedi Uilyams.

--------------------------------------------

“Nishonni urish bo‘yicha yuqori aniqlikdagi vositalari sifat yoki son jihatidan yetarli bo‘lmagan har qanday armiya muammoni bitta kuchli zarba bilan hal qilish vasvasasiga berilishi mumkin. Masalan, o‘z kuchlarini hujumga o‘tkazish maqsadida dushman tomonidan egallangan hududni tozalash uchun.

Taktik qurol strategik qurolga nisbatan kamroq nishonlarni yo‘q qilish bilan birga, kichik portlashdan keyingi radiatsiyaviy ifloslanish unchalik jiddiy bo‘lmaydi. Shuning uchun uni qo‘llaganlar dushman ham shu yo‘l bilan javob ko‘rsatmasligiga umid qilishi mumkin. Mana shu narsalarni anglash taktik yadro quroli qo‘llash ehtimolini pasaytiradi.

Ammo ikkinchi tomondan, Ukrainada taktik yadro quroli qo‘llanilishi ehtimoli haqidagi taxminlar hozirdanoq jiddiy xalqaro reaksiyani keltirib chiqarmoqda.

Yadro quroli 1945-yil 9-avgustdan buyon urushlarda qo‘llanilmagan — dunyo yadro urushidan qo‘rqishga ko‘nikkan. Taktik yadro qurolidan foydalanish keskinlikni shunchalik kuchaytirib yuborishi mumkinki, buni hamma his qiladi — yadro quroli qo‘llamaslik asosiga qurilgan strategik barqarorlik barcha mamlakatlarga taalluqlidir. Hatto kichik yadro bombasining qo‘llanilishi ham hech kimga ma’qul kelmaydi”, — dedi BBC Rus xizmati harbiy sharhlovchisi Pavel Aksenov.

Izoh
Asosiy yangiliklar
Mahalliy
Huquq faoli Nukus voqealarida gumonlanayotganlar qiynoqqa solinmaganini aytmoqda
Dunyo
“Daryo” kundaligida 30-noyabrda sodir bo‘lgan eng muhim voqealar
Mahalliy
Kontrabanda sigaretalar ko‘proq qaysi viloyatlar chegaralaridan olib o‘tilmoqda? Bojxonachi javob berdi