Shavkat Mirziyoyev qirolicha Yelizaveta II vafoti munosabati bilan uning o‘g‘li — Buyuk Britaniya va Shimoliy Irlandiya Birlashgan Qirolligi qiroli Charlz III ga hamdardlik bildirdi. Bu haqda prezident matbuot kotibi xabar berdi.
“Ul zot 70 yildan ortiq vaqt davomida mamlakat yaxlitligi va jadal rivojlanishining ramzi bo‘lib kelgan, Qirollikning global iqtisodiyot va siyosatda yetakchi davlatlardan biriga aylanishiga, uning xalqaro maydondagi obro‘ va e’tiborini har tomonlama oshirishga beqiyos hissa qo‘shgan buyuk davlat arbobi edi”, — deyiladi davlat rahbarining ta’ziyanomasida.
Prezident ushbu musibatli damlarda qirolga, oilasining barcha a’zolariga va butun Buyuk Britaniya xalqiga taskin so‘zlarini bildirdi hamda sabr-toqat va bardamlik tilagan.
Buyuk Britaniya qirolichasi Yelizaveta II 8-sentabr kuni Shotlandiyadagi Balmoral qasrida 96 yoshida vafot etdi. Uning o‘g‘li, 73 yoshli shahzoda Charlz avtomatik tarzda qirolga aylandi va o‘ziga Charlz III nomini oldi.