Tadbirkorlik eng muhim sohalardan biri. Davlat tadbirkorlarga keng va qulay imkoniyat yaratishi, ularning rivojlanishiga yordam beruvchi qonunlar qabul qilishi kerak. Qabul qilinayotgan qonunlar tadbirkorlarga foydali bo‘lishi uchun uni zamon talablariga moslash hamda Tartibga solish ta’siri tahlilidan foydalanish ham talab etiladi. Shu bilan birga qonun loyihasi muhokamalariga biznes hamjamiyatini jalb qilish nihoyatda muhim, negaki bu mamlakatda qabul qilinayotgan qonunlarning sifatini oshirishga yordam beradi.
Tartibga solish ta’siri tahlili o‘zi nima?Tartibga solish ta’siri tahlili (TTT) — taklif etilayotgan va amaldagi me’yoriy hujjatlarning ijobiy va salbiy ta’sirini baholashga tizimli yondashuvdir.
Bu texnologiya ko‘ra qonun loyihasi beshta asosiy savolga javob berishi kerak:
- Qonun qaysi muammoni hal etadi va bu muammo nega paydo bo‘ldi?
- Agar hukumat hech qanday chora ko‘rmasa nima sodir bo‘ladi?
- Hukumat xatti-harakatlarining oqibatlari qanday bo‘ladi?
- Nega taklif etilgan yechim eng yaxshisi? U mamlakat uchun eng kam chiqim bilan muammoni hal eta oladimi?
- Hukumat me’yoriy-huquqiy hujjatni samarali joriy eta oladimi?
TTT hukumatlarning o‘zgaruvchan va murakkab iqtisodiy dunyoda tadbirkorlik sohasini samarali va ta’sirchan tartibga solishni ta’minlash qobiliyatini kuchaytirishi mumkin.
Misol sifatida AQSHning Kaliforniya shtatida TTT o‘tkazilmasdan turib, avtomobillarni boshqarishda mobil telefondan foydalanishga qo‘yilgan taqiqni keltirish mumkin (bu taqiq O‘zbekistonda ham bor). Bir nechta tadqiqotlardan olingan ma’lumotlarga ko‘ra, avtomobil boshqarayotib mobil telefondan foydalanish avariya sodir bo‘lish xavfini oshiradi.
Odamlar rulda mobil telefondan foydalanishi ortidan yo‘llardagi avariyalar soni oshmoqda, deya xulosa qilingan. Kaliforniyada muammoni sinchiklab o‘rgangan mutaxassislar xulosasiga ko‘ra, muammoning chorasi sifatida avtomobilni boshqarish davomida mobil telefondan foydalanish taqiqlangan.
Biroq ushbu taqiq amalda ishlamagan. Avariyalar soni kamayishiga olib kelmagan.
Ayrim ma’lumotlar rulda telefonda gaplashish avariya xavfini kuchaytirishini ta’kidlayotgandi. Taqiq ortidan biz avariyalar soni kamayishini kutgandik. Avtomobilni boshqarish chog‘ida uyali telefondan foydalanish darajasi kamaygan bo‘lsa-da, uning natija bermagani ajablanarli. Ayni paytda bu nomutanosiblikning sabablarini aniqlash uchun ma’lumotlar to‘playapmiz”, — degan Kaliforniya yo‘l harakati xavfsizligi sug‘urta instituti prezidenti Adrian Land.Endi TTT bilan qabul qilingan yechimga misol keltirsak. Uy sharoitida flakonlarda saqlanayotgan turli dori-darmon vositalari yosh bolalar tomonidan iste’mol qilinishi ularning o‘tkir zaharlanishi, hattoki, o‘limiga olib kelgan. Sababi dorilar yorqin idishlarda saqlanadi, ularning o‘zi ham turli tuman yorqin ranglarda. Bolalar bu dorilarni konfet yoki shirinlik deb o‘ylashi mumkin.
TTTni qo‘llashdan ko‘zlangan maqsad: 5 yoshgacha bo‘lgan bolalar o‘rtasida dori-darmonlar va tabletkalardan zaharlanish holatlarini kamaytirish.
Tartibga solish tufayli yechiladigan muammo: dori solingan flakonlarning osongina ochilishi.
Tartibga soluvchi yechim: qopqog‘i yosh bolalar tomonidan ochilishi qiyin bo‘lgan flakonlar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish bo‘lgan.
Tartibga solish ta’siri tahlili O‘zbekistonda
O‘zbekistonda so‘nggi yillarda tadbirkorlikka oid ko‘plab qonunlar qabul qilinmoqda. Ammo ularning barchasini ijobiy ta’sirga ega bo‘lyapti deyish qiyin, chunki hozirda o‘zbek qonunchiligi TTT tizimidan keng foydalanayotgani yo‘q.
Bu borada harakatlar boshlangan, lekin hali oxiriga yetkazilmagan. 2021-yilda O‘zbekiston prezidentining “Tartibga solish ta’sirini baholash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilingan.
Qarorga ko‘ra, 2023-yil 1-yanvardan:
- xo‘jalik yurituvchi subyektlarga yangi cheklovlar va yangi turdagi ruxsat berish tartib-taomillari, litsenziyalar joriy qilish yoki mavjud cheklov, ruxsat berish tartib-taomillari va litsenziyalanadigan faoliyat turlarini bozor ishtirokchilarining yanada kengroq doirasiga tatbiq qilish;
- ruxsat berish xususiyatiga ega hujjatlarni yoki litsenziyalarni olish uchun qo‘shimcha talablar va shartlarni joriy etish;
- yuridik shaxslar ustav kapitalining eng kam miqdoriga nisbatan talablarni oshirish;
- xo‘jalik yurituvchi subyektlarning belgilangan huquqlarini qisqartirish (kamaytirish) yoki ularga qo‘shimcha majburiyatlar yoxud qo‘shimcha xarajatlar joriy qilish;
- xo‘jalik yurituvchi subyektlarga har qanday turdagi imtiyoz, kafolat, preferensiyalarni belgilash, shuningdek, yangi huquqlar, shu jumladan eksklyuziv huquqlarni berish bilan bog‘liq normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari “Aqlli tartibga solish” tizimidan o‘tkazilishi kerak.
Dunyoning ko‘plab davlatlarida bu tizim ancha oldindan qo‘llanib kelinmoqda. Jumladan, bu tizim ilk bor ishlab chiqilgan AQSHda undan 1978-yildan beri foydalanib kelinadi. Tartibga solish ta’siri tahlili Jahon banki tomonidan ham keng targ‘ib qilinmoqda, bu esa uning kengayishiga yordam beryapti.
Markaziy Osiyo davlatlaridan Qirg‘izistonda 2007-yildan buyon TTT qoidalariga amal qilib kelinayotgan bo‘lsa, iqtisodi ancha mustahkam Qozog‘iston 2014-yildan boshlab TTTni amaliyotga kiritgan.