Uzbekistan Airways Nukus—Mo‘ynoq—Toshkent yo‘nalishidagi aviaqatnovni yo‘lga qo‘yilishini e’lon qildi.
Aviakompaniya matbuot xizmatining xabar berishicha, Mo‘ynoq va Nukus aholisi uchun qulay shart-sharoitlar yaratish hamda yo‘lovchilarning talab va istaklarini inobatga olgan holda, 12-sentabrdan boshlab Nukus—Mo‘ynoq—Toshkent yo‘nalishdagi qatnovlarni joriy qilmoqda. Aviaqatnovlar dushanba kunlari amalga oshiriladi.
Shuningdek, faqat 9-sentabr kuni HY-012 Nukus—Toshkent yo‘nalishida aviaqatnov Mo‘ynoq aeroportiga qo‘nib, yo‘lovchilarni bortga qabul qiladi hamda quyida ko‘rsatilgan jadval bo’yicha amalga oshiriladi.
- Nukusdan jo‘nab ketish — 09:45, Mo‘ynoqqa yetib borish — 10:45;
- Mo‘ynoqdan jo‘nab ketish — 11:25, Nukusga yetib borish — 12:25.
Ma’lumot uchun, Mo‘ynoq — O‘zbekiston shimoli-g‘arbiyda joylashgan shahar nomidagi aeroport bo‘lib, 1947-yilda qurilgan. 3-klassga oid Mo‘ynoq aerodromi An-24, Yak-40 va boshqa yengil samolyotlarni, shuningdek, barcha turdagi vertolyotlarni qabul qilishga qodir bo‘lgan. 1960-yillar boshidan 1990-yilga qadar aerodromda An-2 samolyotlari kuniga mahalliy liniyalar bo‘yicha (asosan, Qo‘ng‘irot, Nukus, Urganch, Taxtako‘prik, Qozoqdaryo, Aspantay, Tuley punktlari) 19 tagacha yo‘lovchi aviareyslarini amalga oshirgan. 2020-yilning avgustida Mo‘ynoqda yangi aeroport ishga tushgan edi.
Shavkat Mirziyoyev bu aeroport rasmga tushish uchun emas, insonlarga xizmat qiladigan bo‘lishi kerakligini ta’kidlagandi. “Avval ham aytganman, madaniyat Mo‘ynoqdan Nukusga borishi kerak”, — degan edi prezident.
Mavzuga doir: O‘zbekistonda yil boshidan beri mahalliy parvozlar narxi sezilarli darajada oshdi