Toshkentning Uchtepa tumanida ham quruvchi tashkilot tomonidan 42 tup daraxt noqonuniy ravishda kesib yuborilgani aniqlanib, jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Davlat ekologiya qo‘mitasining xabar berishicha, Uchtepa tumanining Lutfiy va Katta Xirmontepa ko‘chalari kesishmasida “Goroda Stroy” MCHJ o‘rab olgan hudud o‘rganilganda Toshkent shahar Ekologiya boshqarmasi ushbu hududda o‘rganish ishlarini olib borib, daraxtlarni xatlovdan o‘tkazgani aniqlangan. 2021-yil 11-oktabrda dalolatnoma rasmiylashtirilgan, shuningdek, “Goroda Stroy” MCHJga daraxtlarni kesish bo‘yicha rad javobi hamda daraxtlarni saqlab qolish yuzasidan qonunchilikda belgilangan tartibda ogohlantirish berilgan.
Toshkent shahar Ekologiya boshqarmasi tomonidan belgilangan tartibda ushbu hududdagi daraxtlar holati bo‘yicha navbatdagi xatlov o‘tkazilganda 42 tup, shundan 9 tup chinor, 2 tup archa mavjud emasligi, chinor, shumtol, safora, archa kabi 27 tup daraxtlari ko‘chirib o‘tqazish, 4 tup terak esa muhofaza qilish choralari ko‘rilmagani sababli qurib qolgani aniqlangan.
Buning oqibatida o‘simlik dunyosiga jami 425,1 million so‘m miqdorda zarar yetkazilgan. Ushbu holat yuzasidan “Goroda Stroy” MCHJ mas’ullari tushuntirish berishdan bosh tortgan.
Toshkent shahar Ekologiya boshqarmasi tegishli hujjatlarni rasmiylashtirib, 6-sentabr kuni Toshkent shahar prokuraturasiga huquqiy baho berish uchun taqdim qilgan. Jamoatchilik talabi bilan hududni o‘rab olgan to‘siqlar olinib, daraxtlar qayta xatlovdan o‘tkazilgan.
O‘tkazilgan tekshirish natijasiga ko‘ra, Toshkent shahar prokuraturasi tomonidan quruvchi tashkilot mansabdor shaxslariga nisbatan Jinoyat kodeksining 198-moddasi 3-qismi (ekinzorlarni, o‘rmonlarni, daraxtlarni yoki boshqa o‘simliklarni shikastlantirish yoxud nobud qilish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Bundan avval Toshkentning Chilonzor tumanida 58 tup har xil turdagi manzarali daraxtlar noqonuniy kesib tashlangani aniqlanib, jinoyat ishi qo‘zg‘atilgandi. Daraxtlar kesilishi oqibatida o‘simlik dunyosiga jami 797 million 700 ming so‘m miqdorida zarar yetkazilgan.