“Daryo” muxbiri Sevara Nishonova 2-sentabr — O‘zbekistonning birinchi prezidenti Islom Karimov xotira kuni munosabati bilan uning rafiqasi Tatyana Karimova bilan intervyu tashkillashtirdi. Intervyu davomida Tatyana Karimova Islom Karimov bilan qanday tanishgani, uning oilada qanday ota bo‘lgani hamda sinovli kunlarni qanday yengib o‘tgani haqida so‘zlab berdi.
— Sizlar qanday tanishgansizlar? Bo‘lajak turmush o‘rtog‘ingiz qalbingizni qanday zabt etganlar?
— Islom Abdug‘aniyevich bilan 1970-yili Samarqandda, muhandislik-texnologiya fakultetining oxirgi kursida o‘qigan kezlarim tanishganmiz. Birinchi uchrashuvimiz ularning akalari Ibod G‘aniyevichning uyida bo‘lgan. Ibod G‘aniyevichning rafiqasi Xayriniso Sultonovna mening xolavachcham edi. Men talabalar yotoqxonasida istiqomat qilar, darsdan keyin ularnikiga tez-tez mehmonga borib turar edim. Ibod G‘aniyevich oqko‘ngil, aqlli va odamshinavanda inson boz ustiga yaxshi suhbatdosh ham edilar.
Yangi yil eshik qoqib turgan kunlarning birida opamnikida o‘tgan navbatdagi mehmondorchilikdan so‘ng endigina ketishga taraddud ko‘rib turganimda bir yigit kelib qoldi. Uni menga Ibod G‘aniyevichning ukasi deb tanishtirishdi. Bu Islom Abdug‘aniyevich edilar. Birinchi uchrashuvimizda deyarli gaplashmadik. O‘shanda opam yo‘ldan kelgan mehmon qo‘lini yuvishi uchun ko‘zadan suv quyib berishimni so‘radilar. Keyin oila davrasida yana bir necha bor uchrashdik.
Kechagidek yodimda, martning yettinchi kuni, ayni bayram arafasi edi. Ko‘klamning xush iforga to‘la iliq havosi. Shig‘alab yog‘ib o‘tgan yomg‘irdan keyin atrof-borliq toza, musaffo va go‘zal bo‘lib ketgan. Ko‘lmaklarda osmon parchasi aks etar, ko‘ngillar yorishib, farahbaxsh hislarga limmo-lim to‘lgan edi. Men talabalar yotoqxonasida edim. Ittifoqo meni birov so‘rab kelganini xabar qilishdi. Kelgan inson kim ekanini tasavvur ham kela olmaganim rost. Chiqib ko‘rdimki, meni yo‘qlab kelgan odam Islom Abdug‘aniyevich ekanlar.
Meni xiyobonda sayr qilishga taklif etdilar. Biz ilk bor yolg‘iz o‘zimiz ko‘rishib, gaplashib turgan edik. Tabiat, ob-havo, o‘qish haqida suhbatlashdik. Odatiy suhbat. Lekin sayr asnosida Islom Abdug‘aniyevich to‘xtab, hech kutilmaganda “Menga turmushga chiqasizmi?” deb so‘radilar. Men uchun bu mutlaqo kutilmagan hol edi. Qanday izohlashni ham bilmayman: aql vaziyatni hali to‘liq anglab, baholab bo‘lmasdan, qalb va yurak “ha” deya javob berib bo‘lgan edi. Ko‘ngil shubha-yu gumondan xoli kezlarda shunday bo‘ladi. Men bu insonning ichki kuchi, samimiyati, jozibasi, qat’iyati va nedir bir ohanrabosini sezgan bo‘lsam kerak… Men “ha” deya javob berdim. Bari ana shunday kechgan edi. Bor-yo‘g‘i bir necha qisqa uchrashuv…
Islom Abdug‘aniyevich aprelda ota-onamdan qo‘limni so‘ragani Quvasoyga bordilar. To‘yimiz may oyida dastlab Samarqandda, keyinroq Quvasoyda bo‘lib o‘tdi.
— Islom Abdug‘aniyevich bilan ko‘p yillar birga hayot kechirdingiz. Kundalik hayotingiz qanday kechardi, qanday qiyinchiliklar bo‘lardi?
— To‘ydan keyin Toshkentdagi ikki xonali kvartirada juda oddiy hayot kechira boshladik. Bu kvartirani Islom Abdug‘aniyevich Davlat plan komiteti raisining yordamchisi bo‘lgan kezlarda olganlar. Tinch-totuv yashaganmiz, maoshimiz uncha katta bo‘lmagani bois ta’mir ishlarini o‘zimiz qilganmiz. Bo‘yoq olib kelib, o‘zimiz xona oqlaganmiz, eshik bo‘yaganmiz, polni loklaganmiz, balkon derazasiga oyna solganmiz. Hech qachon ta’mir ishidan qochmaganmiz. Odatda, Islom Abdug‘aniyevich uydagi ta’mir yumushlarini o‘zlari qilardilar. Barcha ishlari baroridan kelar edi. Sirasini aytganda, u kishi barini o‘z qo‘llari bilan qilishni yaxshi ko‘rardilar. Kerak paytda qidirib qolmasdik,turli asboblar solingan butun boshli jomadonim bo‘lardi. Parma, bo‘yoq cho‘tkasi, qisqich, ombur, buragich, bolg‘a va boshqa birtalay asboblar zarur paytda asqatardi.
Islom Abdug‘aniyevich qanday lavozimda ishlamasinlar, hech qachon xizmat vazifasidan foydalanmaganlari, vakolatlarini suiiste’mol qilmaganlariga guvohman. U kishidan pastroq darajadagi mansabdorlar ham boshqacha yashar va shu bois gohida umr yo‘ldoshimning ustlaridan kulishar edi. Ammo bu – Islom Abdug‘aniyevichning qat’iy pozitsiyasi edi.
Talabchan, ammo adolatli inson edilar. O‘zlariga ham, atrofdagilarga ham talabchan edilar. Ular tin olmasdan ishlar edilar. O‘zlariga xorijiy mamlakatlarda hordiq chiqarishni ravo ko‘rmasdilar. Chunki yechimini kutayotgan muammolar tugamas edi. Ular uchun dam olish misli ko‘rilmagan hashamat edi.
Odatda, yillik mehnat ta’tillari bir haftadan oshmasdi, shunda ham bu yil bo‘yi olinadigan ikki-uch kunlik qisqa tanaffuslar edi.
Agar onda-sonda imkoniyat tug‘ilsa, yilda bir necha marta toqqa, Toshkent yaqinidagi Qaynarsoy maskaniga chiqardik. U kishi mahalliy manzaralarni yaxshi ko‘rar, yurtimiz tabiati go‘zalligini benazir deb hisoblar edilar.
Islom Karimov taom tanovul qilishda qanoatli bo‘lib, aslo me’yordan oshmas edilar. Dasturxonda ularning fikricha ortiqcha yeguliklar bilan to‘ldirilganini yoqtirmasdilar. Ular palovni sevib iste’mol qilardilar.
Birga yashay boshlagan ilk yillarimizda vaqtlari bo‘lsa, dam olish kunlarida o‘z qo‘llari bilan mazali osh tayyorlab berardilar.
— Yangi mustaqil mamlakatning birinchi xonimi bo‘lish — o‘ta mas’uliyatli va sharafli missiya. O‘shanda hayotingiz qanchalik o‘zgargan? Nimalar bilan to‘qnash kelgansiz? Nimalarga ko‘nikishga, nimalarni o‘rganishga to‘g‘ri kelgan?
— Men bu maqomga to‘satdan erishib qolmaganman. Islom Abdug‘aniyevich davlat rahbari bo‘lgunlariga qadar O‘z SSR davlat planida karyeraviy o‘sishning barcha pog‘onalaridan o‘tganlar. Ular oddiy ishchi bo‘lib faoliyatlarini boshlab, davlat plani raisi, Vazirlar Mahkamasi raisi o‘rinbosari lavozimigacha ko‘tarilganlar. Shuningdek, Islom Abdug‘aniyevich O‘zbekiston moliya vaziri sifatida ham tajribaga ega edilar.
Islom Abdug‘aniyevich O‘zbekiston kompartiyasi birinchi kotibi bo‘lganlaridan keyin hayotim o‘zgarib ketgan. Bu narsa bilan barcha davlat rahbarlarining rafiqalari to‘qnash keladi. Yangi hayot tarziga dastlab ko‘nikishim qiyin bo‘lgan.
Avval oz bo‘lsa ham bo‘sh vaqtim bo‘lgan bo‘lsa, endilikda hech narsaga ulgurmasdim. Sekin-asta yangi hayot tarziga o‘rgana boshladim. Biz davlat dachasiga ko‘chib o‘tdik. Tashvishim, muammolarim ko‘paydi, mas’uliyat ortdi. Yangi zarur xizmatlarni tashkil etish ko‘p vaqtimni olardi. Biroq bu shunchalik yangi va qiziqarli ish ediki, charchoqni his etmasdim.
Masalan, bizda xo‘jalik va maishiy masalalarga mas’ul hech qanday tizimlar yaratilmagan edi. O‘shanda iqtisodiyot institutida ishlasam ham ko‘pincha tashkiliy masalalar bilan shug‘ullanishimga to‘g‘ri kelardi. Mashaqqatli yillar edi: Prezident qo‘riqlash xizmati qanday tashkil etilgani hamon esimda. Bunga qadar tizimda bunday bo‘lim mavjud emas edi.Hammasi bo‘lib bo‘lim 5 kishidan iborat edi. Qo‘riqchilar boshlig‘i, Islom Abdug‘aniyevichga biriktirilgan uch nafar xodim, yana biri esa men va qizlarimga ajratilgan edi.
Biz dastlab bizni kimdan va nima uchun qo‘riqlash kerakligini tushunmasdik. Biroq og‘ir vaqtlar edi, shuning uchun xalqaro standartlarga moslashish talab qilinardi.
— Islom Karimov o‘z hamkasblari bilan ishdan tashqari vaqtlarda ham yaqin munosabatda bo‘lganmi? Masalan, oilaviy tadbirlarga hamkasblarini taklif etganmi?
— Islom Abdug‘aniyevichni hamkasblari bilan faqat ish munosabatlari bog‘lab turardi. Uyimizda ularning hamkasblari yoki xodimlari ishtirokida hech qanday oilaviy tadbirlar o‘tkazilmasdi. Biz bayramlarni tor, oilaviy davrada nishonlardik. Qizlarimiz nevaralarimiz bilan, yana bizning 40 yillik oilaviy do‘stlarimiz uyimizda tez-tez mehmon bo‘lardi.
Bayramlarda odatda 10 kishicha yig‘ilishardik. Islom Abdug‘aniyevich katta, shovqin-suronli davralarni yoqtirmasdilar. Ular juda mehmondo‘st edilar. Uyimizga kelgan mehmonlarning har biriga, ular o‘zlarini erkin his etishlari uchun, e’tibor qaratishga harakat qilardilar. Bunday vaqtlarda ular mehmonlarning kayfiyatlarini ko‘tarish uchun hazil-huzullar qilardilar.
Dam olish kunlarida Islom Abdug‘aniyevich odatda ishlardilar. Shunday bo‘lsa-da, ayrim paytlarda bir necha soatni dam olishga ajratardilar. Bunday vaqtlarni ular odatda dachada sayr qilish yoki sportga bag‘ishlardilar.
Butun umr sportga oshno yashadilar. Hamisha yaxshi sport formasida bo‘lishga intilganlar va buni boshqalardan ham talab qilganlar. Davlat planida yoki vazir bo‘lib ishlaganlarida ham har kuni ertalab Beshyog‘ochdagi sport majmuasiga borar edilar. Ertalab soat 6 da sport majmuasiga metroda yetib olib, uyga xizmat mashinasida qaytar edilar.
Ular hayotlarining so‘nggi damlariga qadar trenajyor zalida, shuningdek suzish va tennis bilan shug‘ullandilar.Islom Abdug‘aniyevich 50 yoshlarida katta tennis bilan shug‘ullanishni boshlab, ushbu o‘yin texnikasini tez o‘zlashtirdilar. Tig‘iz kun tartibiga qaramay ular haftada uch kun ishdan keyin albatta tennis kortiga borishni kanda qilmasdilar.
Islom Abdug‘aniyevich tennis bor e’tiborni o‘yinga va raqibga jalb qilishni talab qilgani uchun ularga kundalik muammolardan chalg‘ishga yordam berishini ta’kidlardilar. Ular umrlarining so‘nggiga qadar tennis o‘ynaganlar. Sportning ushbu turiga meni ham, nevaralarimizni ham jalb qilganlar. Men turmush o‘rtog‘imdan ortda qolmaslikka harakat qilardim hamda bajonidil tennis kortida vaqt o‘tkazardim.
Bu men uchun ham uyimdagi tashvishlardan chalg‘ishning bir usuli edi. Islom Abdug‘aniyevich shaxmat o‘ynashni ham yoqtirardilar. Ayniqsa tog‘da hordiq chiqarayotganida, shuningdek komandirovkalarga uzoq parvozlar vaqtida shaxmat o‘ynardilar.
Foto: Karimovlar oilasi arxividan
— Islom Karimov faoliyatidagi qandaydir masalalar yuzasidan sizdan maslahat so‘ragan paytlari bo‘lganmi? Aynan siz hal etishga maslahatingiz bilan yordam bergan vaziyat bo‘lganmi?
— Bilasizmi, Islom Abdug‘aniyevich uyda ish haqida umuman gapirmaslikka harakat qilardilar. O‘zlarini tashvishga solayotgan masalalar haqida og‘iz ham ochmasdilar. Ular meni shu tariqa ortiqcha tashvishlardan asrar edilar.
Qanday voqea-hodisadan ma’lum muddat o‘tganidan so‘ng ular juda muhim u yoki bu epizodni so‘zlab berardilar. Bu esa ular qabul qilgan qarorning tahlili bo‘lar edi.Biz buni birga muhokama qilardik.
Men ularning kayfiyatlaridan, ba’zan ko‘z qarashlaridan og‘ir kunni boshdan kechirganlarini sezardim. Bunday vaqtlarda men butun e’tiborimni turmush o‘rtog‘imga qaratardim, nevaralarimiz haqida gapirib kayfiyatlarini ko‘tarishga urinardim.
— Islom Karimov farzandlari va nevaralari tarbiyasida nimalarga alohida e’tibor berar edilar?
— Islom Abdug‘aniyevich Davlat plan komitetida ishlagan kezlarida tez-tez Moskvaga xizmat safariga borar edilar. Ular har safar qizlariga ko‘ylaklar, poyabzallar, bantiklar olib kelardilar. Yangi kiyim kiygan chog‘ida qizlarining ko‘zidagi quvonchni ko‘rish ularga katta zavq bag‘ishlar edi. Ta’kidlash joizki, ular qizlarga sovg‘a sotib olishi uchun o‘ziga kerakli bir narsadan voz kechishi va pul yig‘ishi kerak edi.Ular bo‘sh vaqtini farzandlari bilan o‘tkazishga harakat qilar edilar. Islom Abdug‘aniyevich qizlariga borliqdagi go‘zallikni ko‘rishni o‘rgatganlar, chunki tabiatni juda yaxshi ko‘rardilar. Qishda esa ular chanada uchishni yaxshi ko‘rar va qorbobo yasashni ham unutmas edilar.
Kuzda daraxt barglarini to‘plashardi, o‘sha gerbariylar hozirgacha saqlanadi. Yakshanba kunlari esa ular dachada velosipedda uchishardi.
Keyinroq Islom Аbdug‘aniyevich dacha hududida o‘shanday tuganmas zavq ila nabiralar bilan sayr qilardilar, ularga ham suzish, velosiped minish va tabiat go‘zalligini his etishni o‘rgatdilar. Bolalar skeytbord va rolikda uchayotganini tomosha qilishni yaxshi ko‘rardilar. Ularning abjirligidan hayratga tushardilar, bu borada oddiy kuzatuvchi edilar.
Yillar o‘tishi bilan, ayniqsa, Respublikaga rahbarlik qilgan davrdan boshlab Islom Abdug‘aniyevich juda ko‘p ishlar edilar. Kechqurun qizlar ularni kutishardi, muloqot qilish uchun esa deyarli vaqt yo‘q edi. Ular qizlari bilan kun davomida sodir bo‘lgan voqealar haqida gaplashar va ularning o‘qishi, muvaffaqiyatlari va sevimli mashg‘ulotlari bilan qiziqardilar. Islom Abdug‘aniyevich dam olish kunlari biz bilan kechki ovqat qilish maqsadida ishdan erta kelishga harakat qilardilar. Keyinchalik qizlar o‘sib ulg‘aydi, ularning o‘z oilalari, farzandlari, ishi bor edi. Ular mustaqil yashay boshladi, boshqa shaharlarda ishlagani sabab Toshkentga kam kelishar edi. Biz ular bilan kam uchrashardik.
— Nevaralaringiz sizni ko‘rish uchun tez-tez kelib turishadimi?
— Nevaralarim tez-tez holimdan xabar olib turishadi. Imon Londonda yurisprudensiya yo‘nalishida, Maryam Bostonda xalqaro siyosat va sotsiologiya yo‘nalishida tahsil oladi.
Ular o‘z ustida ko‘p ishlashadi, sport bilan shug‘ullanishadi. Qizlar bobosi mehr uyg‘otgan sport turi — katta tennis o‘ynashadi.
— Islom Karimovning rafiqasi sifatida ular haqida yana nimalar deya olasiz?
— Taqdir menga butun umr Islom Abdug‘aniyevichga xizmat qilishni nasib etdi. Men turmush o‘rtog‘im ishlashi uchun, ayniqsa, prezident bo‘lganlaridan keyin imkon qadar kerakli shart-sharoit yaratishga intildim. Negaki, Islom Abdug‘aniyevich uchun ish juda ham muhim ekanini yaxshi bilar edim.
U kishi kuchli iroda va xarakter sohibi bo‘lib, juda ko‘p ishlar edilar. Biz oila qurgan kezlarimizda kamolga yetgan inson edilar. Men o‘shandayoq u kishining shaxsiyati ko‘lamini anglagan, murakkab, lekin sharafli bir yo‘lni bosib o‘tishlarini his etgan edim.
Men hamisha Islom Abdug‘aniyevichga hamnafas bo‘ldim. Mendan butun umr izlanish, o‘sish, matonatli bo‘lish va tushunishga odatlanish, takomillashish yo‘lidan yurmoq talab etildi. Negaki, umr yo‘ldoshim mudom o‘qib-izlanib yuksak cho‘qqilar sari talpinardilar. Muhabbat bizni birlashtirdi, butun hayot yo‘limizni yoritdi…
— Islom Karimovning qanday orzulari bo‘lgan?
– Avvalo, Islom Abdug‘aniyevich rahnamoligida mamlakatimiz o‘ta murakkab tarixiy davrda mustaqillikka erishdi. Konstitutsiyaviy va institutsional asoslar yaratildi, xalqning ko‘p asrlik madaniy qadriyatlari va o‘zbek tili qayta tiklandi. Birinchi Prezidentimiz jamiyat va milliy iqtisodiyotni barqarorlashtirishga erishdi, tinchlik, millatlararo va konfessiyalararo totuvlik asrab-avaylandi.
Ular birinchi navbatda, o'ziga nisbatan talabchan va o‘zini tanqid qiladigan inson edilar. Islom Abdug‘aniyevich o‘z qarorlarini qat’iy va xolis tahlildan o‘tkazardilar. Ular tanlangan yo‘lning to‘g‘riligiga va belgilangan maqsadlarga erisha olishiga shubha qilmadilar; Bundan ham yaxshiroq ish qilish, u yoki bu loyihani xalq uchun katta foyda keltiradigan tarzda amalga oshirish mumkinmi, deb ko‘p o‘ylardim. Bunday fikrlar unlari ham tez-tez ta’qib qilardi. Ular gapiga chin dildan ishongan, ishonganini qiladigan inson edilar
1991-yilning kuzini eslayman. O‘zbekiston o‘z mustaqilligini e’lon qildi. Sovet Ittifoqi parchalanganidan keyin deyarli barcha aloqalar uzildi. Respublika ijtimoiy-iqtisodiy halokat yoqasida edi. Ular tadbirlarning birida: “25 yildan keyin O‘zbekiston qanday gullab-yashnagan davlatga aylanishini ko‘rasiz!..” deb ishonch bilan ta’kidlagan edilar. O‘shanda men bunday salmoqli davrni tasavvur ham qila olmadim, endi ko‘rib turibman, ular uddasidan chiqdilar, orzu qilgan hayotlarini yaratdilar. Bugun O‘zbekiston o‘zini suveren mustaqil davlat sifatida namoyon etib, xalqaro hamjamiyatda munosib o‘rin egalladi. U o‘z vatanining kelajagiga ishongan, shuning uchun ham O‘zbekiston mustaqilligining 25 yilligi nishonlanayotgan kunlarda mamlakat birinchi prezidentining umri poyoniga yetgani ikki karra achchiq va ramziy ma’noga ega edi.
— Sizningcha, Islom Karimov xotirasiga atab bunyod etilgan qaysi yodgorlik ularning siymosini yorqinroq aks ettirgan?
— Har bir yodgorlik Islom Karimov siymosini o‘ziga xos tarzda aks ettiradi. O‘zbekiston rahbariyati qarori bilan Toshkent, Samarqand va Qarshi shaharlarida yodgorliklar o‘rnatildi. Ularning muallifi Islom Abdug‘aniyevich bilan shaxsan uchrashgan va suhbatlashgan taniqli haykaltarosh Ilhom Jabborovdir. Birinchi Prezidentimiz o‘z vaqtida ushbu haykaltaroshning ijodiy ustaxonalariga bir necha bor tashrif buyurgan, o‘z fikr-mulohazalarini bildirgan, alohida obrazlar haqidagi tasavvurlari bilan o‘rtoqlashgan.
Samarqanddagi yodgorlik Registon yaqinida joylashgan. Bu bog‘ nafaqat samarqandliklar, balki shahar mehmonlarining ham ziyoratgohi va dam olish maskaniga aylangan. Islom Abdug‘aniyevichning shamolda hilpiragan paltodagi obrazi ushbu maydonga uyg‘unlik bilan mos tushgan.
Rossiya poytaxtidagi kompozitsiyani alohida ta'kidlash kerak, uning muallifi britaniyalik haykaltarosh Pol Day hisoblanadi. Rossiya va O‘zbekiston prezidentlarining qo‘shma qarori tufayli ushbu loyihani amalga oshirish mumkin bo‘ldi. Yodgorlik Islom Karimov nomidagi bog‘da, Moskva markazida, respublika elchixonasidan uncha uzoq bo‘lmagan joyda o‘rnatilgan. Umuman olganda, bu nafaqat Islom Abdug‘aniyevichning ona yurti Samarqand fonida turgan birinchi prezident qiyofasi, balki madaniyati, an’analari, boy me’moriy merosi bo‘lgan butun O‘zbekistonning ko‘zgusidir. Pol Day o‘z intervyusida ta’kidlaganidek, ushbu yodgorlik O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi o‘ziga xos do‘stlik ko‘prigidir.
Rossiya poytaxti markazidagi maydon vatandan olisda Rossiyada yashab, mehnat qilayotgan o‘zbekistonliklar uchun o‘ziga xos vatanga aylandi.
Agar o‘xshashlikning aniqligi haqida alohida to‘xtaladigan bo‘lsak, yosh o‘zbek haykaltaroshi Jasvant Annazarovning ijodini eslatib o‘tmasdan iloji yo‘q. Uning Islom Karimov yodgorlik majmuasidagi ko‘rgazmasida yaratgan muhtasham byusti va Toshkent davlat texnika universitetidagi barelyefida O‘zbekiston birinchi prezidentining qiyofasi juda mufassal va haqqoniy tarzda aks etgan.
— Islom Abdug‘aniyevich har doim yoshlar kelajagimiz, deb ta’kidlar edi. Siz ayni damda katta hayot ostonasiga qadam qo‘yayotgan yoshlarga nimalar degan bo‘lardingiz?
Yoshlarga nima deyishim mumkin? Har bir lahzani qadrlang, ilhom oling, yarating, o‘zingizni anglang. Kelajagingiz faqat o‘zingizning qo‘lingizda. Yangi sahifalarni oching, hech qachon kelajakka ishonchingizni yo‘qotmang.
Shaxsiy hayot va professional hayot masalasida ham yuragingizga quloq tuting. O‘zingiz yoqtirgan ish bilan shug‘ullansangizgina katta muvaffaqiyatlarga erishasiz.Har bir yangi kundan zavq olishni o‘rganing. Orzularingizga ergashishdan qo‘rqmang. Maqsadingizga erishish yo‘lida ishonchingizni hech qachon yo‘qotmang. Islom Karimov boshlagan ishni davom ettirish sizning qo‘lingizda - siz yangi O‘zbekistonni barpo etasiz.
Mavzuga doir: Islom Karimovning qizi Lola Tillayeva otasini yodga olib, o‘z hissiyotlari bilan o‘rtoqlashdi
Izoh (0)