Zamonaviy tibbiyotda jigar kasalliklarining og‘ir shakllariga chalingan bemorlar hayotini saqlab qolishda transplantatsiya amaliyotlariga murojaat qilinadi. AQSH olimlari esa jigar transplantatsiyasiga muhtoj bemorlarni yangi usulda davolamoqchi.
Ta’kidlanishicha, bu murakkab operatsiyalar uchun, eng avvalo, sog‘lom donor va katta sarf-xarajatlar zarur. Qolaversa, muolajalardan so‘ng yuzaga keladigan asoratlar ma’lum vaqt o‘tgach, ayrim bemorlarning hayotdan ko‘z yumishiga sabab bo‘ladi. AQSH olimlari endi transplantatsiya uchun donor jigari bo‘lagi o‘rniga o‘suvchi hujayralardan foydalanish ustida tadqiqot olib bordi. Tajriba-sinov jarayoni jonivorlarda muvaffaqiyatli o‘tdi.Endi yaqin haftalarda Massachusets shtatining Boston shahrida yashovchi birinchi ko‘ngilli bemorda ushbu yangi davolash usuli sinab ko‘riladi. Mazkur muolaja orqali organizmda ikkinchi jigar hosil bo‘lishiga umid qilinmoqda. Texnologiyaning mohiyati shundaki, donordan olingan jigar hujayralari bemorning limfa tizimiga kiritiladi. Natijada xastalikka chalingan odamga ko‘chirib o‘tkazilgan hujayralar bo‘linib, ko‘payib, yangi jigar o‘sishi kuzatiladi.
Shundan so‘ng transplantatsiya qilingan hujayralar mavjud jigar hisobiga ishlashda davom etadi va bemor yana sog‘lom hayotga qaytadi. Tadqiqotchilar kelgusi ikki yil ichida 12 nafar ko‘ngillida ushbu noyob amaliyotni o‘tkazishni rejalashtirgan.
Izoh (0)