Pokistonda toshqin qurbonlari soni 1136 kishiga yetdi. Bu haqda mamlakat matbuotiga tayanib, “Interfaks” xabar berdi.
Pokistonning Xayber-Paxtunxva provinsiyasida toshqin xavfi hamon saqlanib qolmoqda.
Milliy favqulodda vaziyatlar boshqarmasi (NDMA) ma’lumotlariga ko‘ra, taxminan 1634 kishi jarohatlangan va 735 mingdan ortiq uy hayvonlari yo‘qolgan.
Avvalroq suv toshqinidan mamlakatdagi 33 million kishi jabr ko‘rgani, bir millionga yaqin xonadonga zarar yetgani xabar qilingandi.
Pokiston bosh vaziri Shahboz Sharif mamlakat so‘nggi o‘n yilliklardagi eng kuchli yomg‘irlardan aziyat chekayotgani va bu kuchli suv toshqinlariga olib kelgani haqida aytgan.
Uning so‘zlariga ko‘ra, yomg‘ir bilan bog‘liq hozirgi vaziyat — “so‘nggi 30 yil ichida misli ko‘rilmagan”.
Ayni paytda Pokiston turli davlatlardan xalqaro yordam olishni boshladi. Jumladan, Turkiya va Birlashgan Arab Amirliklaridan chodirlar va zarur mahsulotlar ortilgan samolyotlar yetib keldi.
Pokiston rasmiylariga ko‘ra, bu yil suv toshqinlari bilan bog‘liq vaziyat 2010-yilga qaraganda jiddiyroq, o‘sha yili tabiiy ofqat oqibatida 1,7 ming kishi halok bo‘lgan.
Mavzuga doir: Pokistonda suv toshqinlari 2 kunda 126 kishining umriga zomin bo‘ldi (video)
Izoh (0)