Xalqimiz tomonidan ko‘p ming yillar davomida shakllantirilgan maqol va matallarda aksariyat iqtisodiy g‘oyalar o‘z aksini topgan.
Dastlabki maqol qachon paydo bo‘lganligi noma’lum, ammo u xalqimiz kabi qadimiydir. O‘rta Osiyo xalqlari rivojlanishida maqol va matallarning ahamiyati nihoyatda katta. Ularning o‘ziga xos xususiyati shundaki, maqollar doimo yaratilib borilgan va yillar davomida sayqallangan, shu sababli katta davrni qamraydi va keng fikrlarni ifodalaydi.
Maqollarda xalq og‘zaki ijodi janri sifatida ajdodlarimizning boy va ko‘p yillik hayotiy tajribasi, jamiyatga munosabati, tarixi, iqtisodiyoti, ruhiy holati, axloqiy va estetik tuyg‘ulari, ijobiy fazilatlari mujassamlangan.
Ular asrlar mobaynida xalq orasida sayqallanib, ixcham va sodda, ammo chuqur mazmunli she’riy shaklga kelgan. Maqolda bir nechagina so‘z bilan ulkan masalalarga xulosa beriladi. Ularda mazmun va shaklning uyg‘un birligi, ko‘p hollarda qofiyadoshlik, ba’zan ko‘p ma’nolilik, majoziy ma’nolarga boylik kabi xususiyatlar bor.
Matallar – ko‘chma ma’noda qo‘llanuvchi xalq majoziy iboralari bo‘lib, ulardan voqea-hodisalar, holat va harakatlarni jonli, ta’sirchan ifodalashda keng foydalaniladi, matallar o‘xshatish, taqqoslash, kinoya, qochiriq kabi badiiy vositalarni o‘zida jamlagan.
Iqtisodiy ma’nolari
Xalq fikrlarida iqtisodiyotning bosh masalalariga tegishli nodir g‘oyalar berilgan.
Masalan, “Yangi uyni qurmay turib, eskisini buzmang”, “Avval iqtisod — keyin siyosat” iboralarini olaylik. Eng muhimi, bu qarashlar ilmiy va amaliy jihatdan nihoyatda to‘g‘ridir. Negaki, insonlar uchun iqtisodiyotning muhimligi azaldan sezilgan. Hozirgi davr iqtisodiyoti ta’limotlari va nazariyalarida bunga bosh masala sifatida qaraladi.
Shuningdek, iboralarda tejamkorlik haqida fikr yuritiladi. Bunga oid ko‘plab maqollarni keltirish mumkin, asosiy e’tibor – resurslar, ya’ni kapital, mehnat, yerdan tejab-tergab foydalanish, isrofgarchilikka yo‘l qo‘ymaslikka qaratiladi.
“Nonning ushog‘i ham non”, “Toma-toma ko‘l bo‘lur” va boshqa maqollar bunga misoldir. Xususan, oqilona va samarali iqtisodiyot qo‘llab-quvvatlanadi — “Oz bo‘lsa, eplab ko‘r; ko‘p bo‘lsa, seplab ko‘r”, “Oz bo‘lsin-u, soz bo‘lsin”, “Tejog‘li ish – bejog‘li”, “Kam uxla, kam de, kam ye”.
Shuning barobarida, maqol va matallardan iqtisodiy tushuncha, iqtisodiy fikr, g‘oya, qarash, nazariya va ta’limotlar to‘g‘risidagi qimmatli ma’lumotlarni topish mumkin.
Maqollarda iqtisodiyotning bosh masalasi — boylik va uning manbai to‘g‘risida, mehnat, ishlab chiqarish sohasi — hunarmandchilik, dehqonchilik, chorvachilik borasida chuqur ma’noli fikrlar bildiriladi. Ular ma’lum nazariya yoki ta’limot sifatida shakllanmagan bo‘lsa-da, masalaning mohiyatini aniq aks ettiradi.
Ko‘p maqol va matallarda pul, javohir, savdo-sotiq nihoyatda keng va aniq yoritilgan. Ularda boylikning asosi deb qaraluvchi muomala sohasi ham e’tibordan chetda qolmagan. “Pul pulni topar, yo‘l yo‘lni topar”, “Savdo — soqol siypalaguncha” maqollari bunga misol bo‘la oladi.
Nazariyalarni aks ettirish
Ma’lumki, hozirgi iqtisodiy ta’limotlar tarixida merkantilizm, klassik maktab, fiziokratizm, muqobil g‘oyalar, marjinalizm mavjud. Maqollarni sinchiklab o‘rganish shuni ko‘rsatadiki, ularda ana shu yo‘nalishlarga xos deyarli barcha iqtisodiy g‘oyalar lo‘nda qilib ifodalab berilgan.
Masalan, “Mehnat — mehnatning tagi rohat”, “Bekor o‘tirgandan ko‘ra, bekor ishla”, “Bekorchidan Xudo bezor”, “Sendan harakat, mendan barakat”, “Hunar — hunardan unar” va shunga o‘xshash maqollarda qiymatning mehnat nazariyasiga oid, ya’ni klassik iqtisodiy maktab g‘oyalari yotadi.
“Mahsulot asosan qishloq xo‘jaligida yaratiladi”, deydigan fiziokratizm g‘oyalarini ko‘pgina maqollarda ko‘rish mumkin: “Dehqon bo‘lsang, shudgor qil”, “Yer haydasang, kuz hayda” va hokazo. “Yerdan yerning farqi bor, yetmish ikki narxi bor” iborasida esa yer rentasi to‘g‘risidagi izoh aniq beriladi, chunki ilmiy sohada ham, yerning bozorga yaqin-uzoqligi va tabiiy unumdorligi tufayli paydo bo‘ladigan renta to‘g‘risida gap boradi.
“Dehqon don sochar, elga rizq yo‘lin ochar”, “Dehqon ekkanini yeydi, cho‘pon — boqqanini” va boshqa shunga o‘xshash maqollarda ham fiziokratizm g‘oyalari yaqqol namoyon bo‘ladi.
Bozor va bozor munosabatlari bilan bog‘liq maqol va matallar ham talaygina. “Otang – bozor, onang – bozor”, “Bor tovog‘im, kel tovog‘im” kabi fikrlarda barcha narsaning bozorga bog‘liq ekanligi yaqqol ko‘rsatiladi.
Bunda narx masalasi, talab va taklif qonuni elementlari bor. Umuman olganda, xalqimiz bozor munosabatlari doirasida faoliyat ko‘rsatgan, faqat sho‘rolar davrida bunga xalaqit berilgan, ochiqdan-ochiq to‘sqinlik qilingan, savdogarchilik jinoyat hisoblangan.
“Mushuk ham bekorga oftobga chiqmaydi”, “Tuyaga yantoq kerak bo‘lsa, bo‘ynini cho‘zadi” maqollarida har qanday faoliyat shaxsiy yoki jamiyat manfaati yo‘lida qilinishi tushuniladi. Ya’ni, “tekin boylik bo‘lmasligi”, “tekin nonushta yo‘qligi”, “tekin chuvalchang qarmoqda bo‘lishi” uqtiriladi.
“Qush so‘ysa ham, qassob so‘ysin” kabi maqollarda mehnat taqsimoti va uning iqtisodiyotdagi ahamiyati — vaqtdan yutish, mahorat, ixtisoslashuv ko‘rsatiladi. XIX asr oxirida yuzaga kelgan va hozirgi davrda ham o‘z ahamiyatini yo‘qotmagan, eng yuksak ish unumdorligiga erishish zarurligini targ‘ib etgan ilmiy oqim — marjinalizm g‘oyalarigacha xalq maqollaridan keng o‘rin olgan.
“Oldingdan oqqan suvning qadri yo‘q”, “Shakarning ozi shirin”, “Bo‘sh qoshiq og‘iz yirtar”, “Bemaza qovunning urug‘i ko‘p”, “Yo‘qolgan pichoqning sopi oltin” kabi maqollarda marjinalizm iqtisodiy ta’limoti asoslari bor.
Qarz majburiyatlari va pul
Qarz olish-berish, bank tizimidagi jarayonlarni esa, “Olganda kirar jonim, berganda chiqar jonim” iborasi aniq va lo‘nda ifodalaydi.
“Nega endi qarz olish oson-u, uni qaytarish kiyin”, degan savol tug‘iladi. Bu yerda masala mulk egaligi va ruhiyatga bog‘liq – qarz olganda o‘zga odamning mulki olinadi va bu mulkning siz uchun qadri kamroq.
Uni qaytarganda esa o‘z mehnatingiz, peshona teringiz, harakatingiz bilan yaratilgan, ya’ni qadri yuqoriroq boylik tushuniladi. Islomda esa “Omonatga xiyonat” eng katta gunoh sifatida qoralanadi.
Hatto reklama ham ilgari ma’lum bo‘lgan: “Onangni ham otangga bepardoz ko‘rsatma”, “Zar qadrini zargar biladi” va shu kabi boshqa maqollarda oltin, kumush va boshqa javohirlarning ahamiyati, savdo-sotiqda ham boylik yaratilishi mumkinligi XVI-XVII asrlarda G‘arbda vujudga kelgan merkantilistlardan ancha oldin aytilgan.
Bozor iqtisodiyotida pulning o‘rni va qadr-qimmati juda muhim hisoblanadi. “Mulla–mullashir, puliga yarashir”, “Pul bo‘lsa, changalda sho‘rva” maqollari bunga yaqqol misoldir.
Haqiqatan ham mahsulotlarni nafaqat ishlab chiqarish, balki sotish muammosi dolzarb. Iqtisodiyotda tejamkorlik, reja, tavakkalchilik masalalari muhim o‘rin egallaydi.
“Toma-toma ko‘l bo‘lur”, “Rejali to‘n tor kelmas”, “Maslahatli to‘y tarqalmas”, “Ko‘rpangga qarab oyoq uzat”, “Chumchuqdan qo‘rqqan tariq ekmas” kabi iboralar xalq xo‘jaligida, ayniqsa, zaxiralar yetishmaydigan mamlakatlar uchun katta ahamiyatga ega.
Klassik maktab otasi, taniqli ingliz olimi Uilyam Petti “Mehnat – boylikning otasi, yer esa uning onasidir”, deb ta’kidlagan bo‘lsa-da, bu g‘oyalar xalq maqollarida undan ancha oldin mavjud bo‘lgan. Shu bois, xalq maqol va matallarida mujassam iqtisodiy g‘oyalarni o‘rganish hamda tahlil etish davom ettirilishi zarur.
Mehnat taqsimoti
Maqollarda dehqonchilik va hunarmandchilikning ulug‘lanishi xalqimiz durdonalarida iqtisodiyot bilan bog‘liq deyarli barcha masalalarga, iqtisodiy tushunchalarga javob topishi mumkin, ularda inson faoliyatining eng asosiy jabhalari mukammal yoritilgan.
Mehnat – boylikning asosi, shu sababli insonlarning mehnat faoliyati ulug‘langan. Xalqimizda moddiy ne’matlar yaratishga qaratilgan aqlli va foydali ish yuqori baholangan, aholining asosiy faoliyati — qishloq xo‘jaligi va hunarmandchilik yetakchi hisoblangan.
O‘tmishda mehnat va dehqonchilik hal qiluvchi o‘ringa ega bo‘lgan. Shu sababli, yer, unga bo‘lgan munosabat to‘g‘risida ko‘p fikrlar bor. Masalan, bular sirasiga “Yer – xazina, suv – gavhar”, “Yer haydasang, kuz hayda, kuz haydamasang, yuz hayda”, “Dehqon bo‘lsang, shudgor qil, domla bo‘lsang, takror qil” maqollari kiradi.
Yerga asosiy ishlab chiqarish omili sifatida qaraladi va nihoyatda qadrlanadi, chunki hozirgacha bu omilsiz hayotni tasavvur etish qiyin. Shu bilan birga, bu maqollar orqali juda to‘g‘ri agrotexnik tadbir ham tavsiya etiladi. Yerni qachon haydashning nima ahamiyati bor? Juda katta iqtisodiy nafi bor, buni hosilot, dehqon, fermer juda yaxshi tushunadi.
“Echkidan mol qilma, shaftolidan bog‘ qilma”, – deydi xalqimiz. Bu iboraning izohi mana bunday: Ayrim daraxtlar yuz yillab meva beradi, ammo shaftolizorda 2-3 yildan so‘ng yangi ko‘chat ekish kerak. Echkichilik alohida soha sifatida kamdan-kam uchraydi, odatda qo‘ychilik bilan birga bo‘ladi.
Qishloq xo‘jaligida mehnat boylik manbai bo‘lishi bilan birga, jismoniy rivoj uchun ham ahamiyatli, chunki toza havoda ishlash tana holati, ovqat singishi, qon aylanishi jarayonlarini yaxshilaydi.
Tabiat va insonga yagona organizm sifatida qaraladi. Maqol va matallarda dono xalqimizning ajoyib durdonalari mujassamlashgan, bu xuddi qimmatbaho javohirning ko‘p ming sonli qirralari kabi qadimgi davrdan to hozirgacha yashab, rivojlanib bormoqda, ularni o‘rganish va hayotda qo‘llash ajoyib natija beradi.
Masalan, biror murakkab iqtisodiy jarayonni tushuntirish katta matematik apparat va kuchli so‘zamollikni talab etadi, ammo bittagina xalq maqoli bilan uni anglab olish mumkin. Inson faoliyatiga oid maqollarda mehnat taqsimoti muhim o‘rinni egallaydi.
Xalqimizda avvallari mehnat soha, tarmoqlar bo‘yicha taqsimlangan — kulol, beshikchi, bo‘zchi, atlaschi, taqachi, temirchi va hokazo. Ammo bu kasblar sex va manufaktura, fabrika darajasiga to‘la o‘tmagan.
Ya’ni, usta bir mahsulotni boshidan oxirigacha o‘zi, oilasi yoki yordamchisi bilan tayyorlagan, hatto do‘koni ham ustaxonasi yonginasida joylashgan.
Hunarmandlar asosan shaharlarda ko‘p bo‘lgan va mahallalar ham ularning nomi bilan atala boshlangan. Bunga sabab — aholining ko‘pligi va ehtiyojlarning turli-tumanligidir. Mazkur an’ana hanuz saqlanib qolgan va avloddan-avlodga o‘tyapti. Ayniqsa, bozorlarda hunarmandlar rastalari hali ham mavjud.
Talab va taklif
“Tuya bir tanga — qani bir tanga, tuya ming tanga — mana ming tanga” iborasida esa iqtisodiyotdagi talab va taklif qonuni yorqin aks etgan. Iqtisodiyotda muvozanat, mutanosiblik eng muhim tushunchadir.
Bunda jamg‘arma va iste’mol, mahsulotlar, xizmatlar va pul, daromadlar va xarajatlar o‘rtasidagi hamda boshqa mutanosibliklar muhim deb qaraladi, ularga amal qilish zarurligi uqtiriladi.
Aksincha yo‘l tutish esa, salbiy oqibatlarga olib kelishi tajribada ko‘p bor isbotlangan. Shunga oid aniq xalq maqollari mavjud. Masalan, “Ko‘rpangga qarab oyoq uzat”, “Daromadga qarab buromad”, “Yotib yeganga tog‘ ham chidamaydi” va boshqalar shular jumlasidan.
“Hisobli do‘st ayrilmas” deyilganda, hisob-kitob bilan yashash kerakligi, “Uyda chaksa uni yo‘q, tom boshida qo‘sh tandir” deyilganda esa, maqtanchoqlikning yomon oqibatlari va uning salbiy xususiyat ekanligi uqtiriladi.
Maqollardan, hatto, integratsiya — birlashuv ahamiyati chetda qolmagan: “Birlashgan o‘zar — birlashmagan to‘zar”, “Bo‘linganni bo‘ri yer”.
Savdo-sotiq bilan bog‘liq bo‘lgan iboralar ham talaygina va eng muhimi, o‘ziga xosdir. Ta’kidlash kerakki, xalq maqollarida savdo-sotiq ishlari, xuddi boshqa sohalar kabi doim yuqori baholangan.
Xulosa
Xulosa qilib aytganda, xalqning ko‘p ming yillik aql-zakovati bilan yaratilgan maqol, matal hamda aniq iboralarida hozirgi zamon iqtisodiy hayotida ham faol qo‘llaniladigan fikr va g‘oyalar, qarash va dasturlar o‘z aksini topgan.
Ular nazariya va qonunlar darajasiga ko‘tarilmagan bo‘lsa-da, katta amaliy, axloqiy, tarbiyaviy ahamiyatga egadir. Bu xalq durdonalari orqali hayot va amaliyotning barcha jabhalariga to‘g‘ri va aniq javob topish mumkinligidan dalolatdir.
Ayniqsa, ularda bozor, bozor munosabatlari, boylik va uning asoslari, mehnat, qishloq xo‘jaligi, hunarmandchilik, xizmat sohalari, savdo, pul kabi iqtisodiy tushunchalarga doir deyarli barcha savollarga javob bor. Bu esa millatimiz ma’naviy barkamolligining yorqin in’ikosidir!
Iqtisod fanlari doktori Abduhalil Razzoqovning “Iqtisodiy tafakkur sarchashmalari” kitobi (“O‘zbekiston nashriyot-matbaa ijod uyi”, Toshkent, 2011 y.) asosida tayyorlandi.
Jamoliddin Turdimov, Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi
Izoh (0)