Tashqi iqtisodiy vaziyat mamlakat iqtisodiyotiga turli kanallar orqali ta’sir qilishda davom etmoqda. Bu haqda Markaziy bank xabar berdi.
Joriy yil I choragi oxirida ta’sirlar ko‘proq salbiy baholangan bo‘lsa, vaziyatning sezilarli o‘zgarishi natijasida II chorakda qisqa muddatli shoklar ta’sirlari pasayib, ayrim ko‘rsatkichlarda ijobiy tendensiyalar namoyon bo‘lmoqda.
Tashqi shoklarning oqibatlari tashqi pul-kredit sharoitlari o‘zgarishi hisobiga qarz jalb qilishning qimmatlashgani va inflyatsion bosimlar orqali ko‘proq salbiy baholandi.
Real almashuv kurslarining shakllanishi, eksport tushumlari va xalqaro pul o‘tkazmalari orqali ichki valyuta bozorida taklifni qo‘llab-quvvatlovchi omil bo‘ldi.
Shu bilan birga, global retsessiya ehtimollari va jahon moliyaviy sharoitlarining keskinlashishi o‘rta muddatli istiqbolda O‘zbekiston iqtisodiyotiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan asosiy tashqi xatarlardan hisoblanadi.
Global retsessiya jarayonlari boshlanadigan taqdirda mamlakatning asosiy savdo hamkorlaridagi iqtisodiy vaziyat, yalpi tashqi talab dinamikasi va eksport tovarlarimiz narxlariga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
Bu esa o‘z navbatida, eksport tushumlari va budjet daromadlarining shakllanishiga ta’sir etadi.
Global moliyaviy muhitning yanada qat’iylashishi va geosiyosiy vaziyatning keskinlashuvi sharoitida investorlarning yuqori riskdan qochishi rivojlanayotgan mamlakatlar milliy valyuta kurslarining qadrsizlanishiga va qarz olish qiymatining keskin oshishiga olib kelishi mumkin.
Bu tashqi kredit liniyalari va xalqaro qarz qimmatli qog‘ozlar chiqarish orqali qarz jalb qilib investitsion loyihalarni va budjeti defitsitini moliyalashtirish imkoniyatlarini pasayishiga olib keladi.
Avvalroq yil boshidan buyon O‘zbekiston iqtisodiyoti qanday rivojlangani ma’lum bo‘lgan edi.
Izoh (0)