Jahon banki Ijroiya kengashi Xalqaro taraqqiyot uyushmasi (IDA) tomonidan 50 million dollar miqdoridagi grant mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladigan “Barqaror rivojlanish siyosatini qo‘llab-quvvatlash - Raqobatbardosh va inklyuziv Tojikiston” dasturini amalga oshirishni ma’qulladi. Bu haqda Jahon banki matbuot xizmati xabar berdi.

Loyiha Tojikiston hukumati tomonidan iqtisodiyotda raqobatni kengaytirish, xususiy sektorni rivojlantirish uchun shart-sharoitlar yaratish, shuningdek, xizmatlar sifati va qulayligini oshirish maqsadida davlat sektorini mustahkamlashga qaratilgan islohotlarni qo‘llab-quvvatlashni ko‘zda tutadi.
Tashabbus 2030-yilgacha mo‘ljallangan Milliy taraqqiyot strategiyasida belgilangan ustuvor yo‘nalishlarni qamrab olgan bo‘lib, mamlakatning raqobatbardosh, inklyuziv va barqaror iqtisodiyotini shakllantirishga xizmat qilishi kutilmoqda.
“Mamlakatning iqtisodiy salohiyatini ochib berish va Tojikiston fuqarolariga sezilarli naf keltirish uchun mo‘ljallangan ushbu ulkan islohotlarni qo‘llab-quvvatlashdan faxrlanamiz. Loyiha yanada raqobatbardosh va ochiq bozor muhitini yaratish ham tadbirkorlar, ham iste’molchilar uchun yangi imkoniyatlar yaratadi. Bu islohotlar Tojikistonda yanada jadal, inklyuziv va barqaror iqtisodiyot qurishga yo‘naltirilgan muhim qadamlardir”, dedi Jahon banki guruhining Tojikistondagi vakili vazifasini bajaruvchi Vey Vinni Vang.
Hozirgi kunda Jahon banki Tojikistondagi umumiy qiymati 1,9 milliard AQSH dollari bo‘lgan 26 ta loyihani, shu jumladan XTUning yuqori imtiyozli shartlardagi grantlari va kreditlarini moliyalashtirmoqda. Jahon banki mamlakatning hayotini yaxshilash, yosh va o‘sib borayotgan aholining orzu-umidlarini ro‘yobga chiqarish yo‘lidagi sa’y-harakatlarini bundan buyon ham qo‘llab-quvvatlashni rejalashtirmoqda.
Izoh (0)