Toshkent viloyati Dalvarzin cho‘lidan noyob o‘simlik turi — Tulipa Borszczowii Baker turining ilk bor senopopulyatsiyasi topildi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.
Ta’kidlanishicha, Fanlar akademiyasi Botanika instituti Kamyob o‘simliklar turlari kadastri va monitoringi laboratoriyasi ilmiy xodimlari Toshkent viloyati florasining kadastrini tuzish loyihasi uchun dala tadqiqotlarini olib bormoqda. Toshkent viloyatida o‘suvchi kamyob va yo‘qolib ketish xavfi ostidagi noyob o‘simlik turlarining (Nanophyton botschantzevii, Hedysarum drobovii, Kamelinia tianschanica) monitoringi amalga oshirildi.
Tadqiqotlar davomida DNK uchun namunalar, o‘simlik urug‘lari va tirik o‘simlik namunalari, o‘rganilayotgan hududlardan gerbariy namunalari olib kelindi. Jarayon davomida hududda o‘suvchi kamyob va yo‘qolib borayotgan o‘simlik turlari borligi aniqlandi. Jumladan, Tulipa Borszczowii Baker turining Toshkent viloyati Dalvarzin cho‘lidan ilk bor senopopulyatsiyasi topildi.
Laboratoriya ilmiy xodimlari tomonidan yig‘ilgan ma’lumotlar Toshkent viloyati florasining kadastrini yuritishda ishlatiladi. Kamyob turlarning holatini muntazam ravishda monitoring qilish va O‘zbekiston “Qizil kitobi”ning yangi nashrlarini tayyorlashda foydalaniladi.
Izoh (0)