Toshkent shahrining Uchtepa tumanida bankomatni o‘g‘irlab ketmoqchi bo‘lgan shaxslar qo‘lga tushdi. Bu haqda poytaxt IIBB xabar qildi.
Maʼlum bo‘lishicha, joriy yilning 3-avgust kuni soat 23:50 larda Uchtepa tumani IIO FMB navbatchilik qismiga tumandagi “Xurshid” mahalla fuqarolar yig‘ini Beshqayrag‘och ko‘chasiga o‘rnatilgan Paynet bankomatini o‘g‘irlashga urinish bo‘lgani haqida xabar kelib tushgan.

Voqea joyiga zudlik bilan yetib borgan tezkor-qidiruv xodimlarining surishtiruvlari natijasida uch nafar gumonlanuvchi, A.Shahzod, T.Farrux, Z.Zabixullalar ushlandi. Uchovlon qo‘lqoplar, yuzlarini yashirish uchun bosh kiyimlari kiyib, kulrang Tracker avtomashinasining davlat raqamlarini yechib olgan holda harakatlanishgan.
Aniqlanishicha, ular voqea joyida bankomatni ko‘tarib mashina yukxonasiga joylashtirishga uringanida uni og‘irligidan tushirib yuborgan. Taraqlash ovozi fuqarolar eʼtiborini tortganidan shubhalangan gumonlanuvchilar bankomatni tashlab qochib ketishgan.
Mazkur holat yuzasidan Uchtepa tumani IIO FMB Tergov bo‘limi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 25-modda orqali 169-moddasi (o‘g‘rilik qilishga suiqasd) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Tergov harakatlari davom etmoqda.
Eslatib o‘tamiz, Jinoyat kodeksining 169-moddasiga ko‘ra, o‘zganing mol-mulkini yashirin ravishda talon-toroj qilgan shaxslar 3-yilgacha qamalishi mumkin.
Izoh (0)