Andijon viloyati Bo‘ston tumanida kredit mablag‘larini talon-toroj qilgan MCHJ ta’sischisi aniqlandi. Bu haqda Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabar qildi.
Bosh prokuratura huzuridagi departamentning Bo‘ston tumani bo‘limi tomonidan tergovga qadar tekshiruv o‘tkazilgan. Unda “Q.F.” MCHJ ta’sischisi G‘. va Davlat kadastrlari palatasi Bo‘ston tumani filiali sobiq mutaxassisi B.G‘. MCHJga bank filialidan ajratilgan 500 million so‘m kredit uchun garovga qo‘yilgan ko‘chmas mulkga taqiq qo‘yilmaganidan foydalangani aniqlangan.
Ular soxta kadastr hujjatlarini tayyorlash orqali hududdagi boshqa tijorat banki filialidan yana qurilish ishlarini amalga oshirish uchun kredit ajratilishiga erishib, ushbu kredit mablag‘ining 370,7 million so‘mini talon-toroj qilgan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 167-moddasi (o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish), 228-moddasi (hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalar tayyorlash, ularni qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.
Izoh (0)