Qoraqalpog‘iston Respublikasining Nukus shahri va Kegeyli tumanidan Andijon viloyatiga kelgan o‘quvchilarning 200 nafari yozgi ta’tilni Andijonda o‘tkazmoqda. Bu haqda “Daryo” muxbiri Umidjon Mamarasulov xabar berdi.
Yoshlar ishlari agentligining viloyat boshqarmasi boshlig‘i Oybek Yo‘ldoshevning ma’lum qilishicha, bolalar “Andijon” temir yo‘l vokzalida tantanali ravishda kutib olinib, Baliqchi tumanidagi “Shabboda” bolalar oromgohiga joylashtirilgan. Oromgohda qoraqalpog‘istonlik bolalarning ta’til vaqtini mazmunli o‘tkazishi, dam olishi va sog‘lomlashtirilishi uchun barcha sharoitlar yaratilgan.
O‘n kunlik mavsum davomida ular uchun futbol, shaxmat, shashka, stol tennisi, voleybol, rasm, raqs, adabiyot, rus va ingliz tili to‘garaklari faoliyat yuritishi, viloyatda istiqomat qiluvchi taniqli shoir va yozuvchilar, jahon va Olimpiada chempionlari bilan uchrashuvlar o‘tkazio‘, turli tanlovlar va diqqatga sazovor joylarga sayohatlar tashkil etish belgilangan.
Ma’lumot uchun, Andijon viloyati Qoraqalpog‘istonning Kegeyli tumanini otaliqqa olgan.
Izoh (0)