Tashqi ishlar vaziri vazifasini bajaruvchi Vladimir Norov 25-iyul kuni “Afg‘oniston: xavfsizlik va iqtisodiy taraqqiyot” xalqaro konferensiyasida ishtirok etish uchun O‘zbekistonga tashrif bilan kelgan Yevropa Ittifoqining Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili Tomas Niklasson bilan uchrashdi. Bu haqda TIV axborot xizmati xabar qildi.
Niklassonning ta’kidlashicha, Yevropa Ittifoqi Shavkat Mirziyoyevning Markaziy Osiyoda do‘stlik, ishonch va o‘zaro manfaatli hamkorlikni mustahkamlash bo‘yicha mintaqaviy siyosati va tashabbusini har tomonlama qo‘llab-quvvatlaydi.
Uchrashuvda O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqi o‘rtasidagi hamkorlikning dolzarb masalalari muhokama qilingan. Tomonlar O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqi o‘rtasida kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi bitimning tasdiqlanganini qayd etgan va ushbu muhim hujjatni imkon qadar tezroq imzolash zarurligini ta’kidlagan. Afg‘onistondagi mavjud vaziyat yuzasidan atroflicha fikr almashilgan.
YI vakilining keltirishicha, Bryussel O‘zbekistonning afg‘on muammosini hal etishdagi siyosiy-diplomatik sa’y-harakatlari va alohida o‘rnini yuqori baholaydi. Yevropa Ittifoqining mintaqaviy kun tartibi bo‘yicha Toshkent bilan muntazam muloqotni davom ettirishdan manfaatdorligi ma’lum qilingan.
Eslatib o‘tamiz, 24-iyul kuni Afg‘oniston muvaqqat hukumati tashqi ishlar vaziri vazifasini bajaruvchi Amir Xon Muttaqiy boshchiligidagi delegatsiya tashrif buyurdi. Delegatsiya 2022-yil 25—26-iyul kunlari Toshkent shahrida bo‘lib o‘tadigan “Afg‘oniston: xavfsizlik va iqtisodiy taraqqiyot” xalqaro konferensiyada ishtirok etishi nazarda tutilgan.
Izoh (0)