Finlyandiya prezidenti Aleksandr Stubb Ukrainadagi urush tufayli AQSH prezidenti Donald Trampning Rossiyaga nisbatan sabri “tugashiga” umid bildirmoqda. Bu haqda Finlyandiyaning Yle jamoatchilik teleradiokompaniyasi xabar bergan.

Stubb bu haqda mamlakat elchilari konferensiyasi arafasida Xelsinkida o‘tkazilgan matbuot anjumanida ma’lum qilgan.
“AQSH prezidenti Donald Trampning Rossiyaga nisbatan sabr-toqati tugashiga umid qilaman. Biz barqaror tinchlikka erishish uchun barcha imkoniyatlarimizni ishga solamiz. Ukrainaning o‘z taqdirini o‘zi belgilashi va hududiy yaxlitligini iloji boricha saqlab qolishi uchun qo‘limizdan kelgan barcha ishni qilamiz”, degan Finlyandiya prezidenti.
Prezidentning fikricha, Vladimir Putinni faqatgina Rossiya bilan savdo qilishni davom ettirayotgan yoki Rossiya harbiy sanoatiga yordam berayotgan davlatlarga bojlar joriy etish orqali tinchlik bitimini imzolashga majbur qilish mumkin.
“Putinni tinchlik bitimini imzolashga ishontira oladigan yagona kuchlar, ehtimol, G‘arbda emas, Sharqda joylashgan”, deya qo‘shimcha qilgan Stubb.
25-avgust kuni Stubb Putinning Ukraina bo‘yicha talablari Rossiyaning odatiy muzokara taktikasi ekanligini va buni amalda bajarib bo‘lmasligini aytgan.
18-avgust kuni Oq uyda AQSH va Ukraina prezidentlari Donald Tramp va Vladimir Zelenskiyning uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Undan so‘ng Tramp Yevropa rahbarlarini qabul qildi.
Uchrashuvda Donald Tramp Finlyandiya prezidenti Aleksandr Stubbni tanimagani, shuningdek, Yevropa Komissiyasi raisi Ursula fon der Lyayenni tahqirlagani ma`lum qilingandi.
Izoh (0)