Vazirlar Mahkamasining “Avtomototransport vositalari haydovchilarini tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish hamda ularni imtihondan o‘tkazish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi. Bu haqda Telegram’dagi “Huquqiy axborot” kanalida xabar berildi.
Qarorga ko‘ra, haydovchilarni tayyorlashda o‘quv soati haftasiga 20 soatgacha, kunlik 4 soatgacha rejalashtiriladi. Haydovchilarning malakasini oshirganlik bo‘yicha sertifikatlar faqat elektron holda rasmiylashtiriladi.
Amaliy imtihonlarda V toifa uchun ishlab chiqarilganiga 5 yildan ko‘p bo‘lmagan, boshqa toifalar uchun 10 yildan ortiq bo‘lmagan transportlardan foydalaniladi. O‘quv dasturlarini Ichki ishlar vazirligi ishlab chiqadi va tasdiqlaydi. Yagona namunadagi animatsiyali nazariy imtihon savollari mingtadan kam bo‘lmagan miqdorda tasdiqlanadi.
2023-yil 1-yanvargacha Yo‘l harakati xavfsizligi xizmatining avtomatlashtirilgan Yagona axborot tizimi ishga tushiriladi. 2022-yil 1-noyabrdan haydovchilik uchun beriladigan tibbiy ma’lumotlarning yagona elektron bazasi shakllantiriladi va Yagona axborot tizimiga integratsiya qilinadi.
Izoh (0)