Futbol mutaxassisi Alisher Nikimbayev “Daryo” bilan suhbatda o‘zbek futbolidagi eng qadrlanmagan o‘yinchilar haqida gapirib o‘tdi.
Mutaxassis o‘zbek futbolida yetarlicha qadrlanmagan futbolchilar haqida gapirar ekan, raqobat sabab terma jamoa tarkibiga kira olmagan va shu sabab hozirda kam eslanadigan o‘yinchilarni shu ro‘yxatga kiritishni aytdi.
1990-yillar terma jamoada raqobat juda kuchli edi. Juda ko‘p yaxshi futbolchilar terma jamoa safidan joy ololmagan. Masalan, Ravshan Bozorov. 1994-yilgi O‘zbekiston chempionati to‘purari bo‘lgan. Ammo Osiyo o‘yinlariga boradigan tarkibda unga joy topilmadi. Uning termada o‘ynamaganiga asosiy sabab — raqobat. Chunki hujumda kuchli futbolchilar ko‘p edi.Oddiygina 1978-yilda tug‘ilgan futbolchilarni olaylik, hujumda qanday raqobat bo‘lgan. Maksim Shatskix, Anvar Soliyev, Ulug‘bek Baqoyev. 1979-yilda tug‘ilgan bo‘lsa-da, Vladimir Shishelovni ham ushbu ro‘yxatga qo‘shsak bo‘ladi. Yana Umid Isoqov bor. Kamida 4-5 nafar futbolchi bir pozitsiya uchun kurashardi. Har bir yilda shunday raqobat bo‘lardi. Afsuski, bugungi kunda oldingidek raqobat yo‘q. Balki shuning uchun Umid Isoqovni ko‘pchilik eslay olmas. Biroq u o‘z paytida juda yaxshi hujumchi bo‘lgan. Shishelov haqida ham shunday deyishimiz mumkin.
Darvozada ham Aleksandr Polyakov, Yevgeniy Safonov va Ignatiy Nesterov raqobati guvohi bo‘lganmiz. Uchalasi ham deyarli bir xil darajada bo‘lgan.
1990-yillar va 2000-yillar boshida faoliyat yuritgan qator futbolchilar terma jamoada o‘ynamagani uchun hozirda ular ko‘p ham yodga olinmaydi.
Alisher Nikimibayev, futbol mutaxassisi
Izoh (0)