Rossiya prezidentining matbuot kotibi Dmitriy Peskov Vladimir Putin kelgusi hafta Eronga tashrif buyurishini tasdiqladi. 19-iyul kuni Rossiya rahbari Islom respublikasiga uchib, u yerda Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘on va Eron prezidenti Ibrohim Raisiy bilan uchrashadi. Vladimir Putinning tashrifi haqida avvalroq Eron tomoni xabar bergan edi.
“Uch tomonlama uchrashuvdan tashqari, albatta, ikki tomonlama uchrashuvlar ham bo‘ladi. Kecha biz Putin va Erdo‘g‘on o‘rtasida kutilayotgan oliy darajadagi muloqotlar haqida xabar bergan edik va bu uchrashuv ham o‘sha yerda (Eronda — tahr.) bo‘lib o‘tadi”, — dedi matbuot kotibi prezidentning bo‘lajak tashrifi tafsilotlariga to‘xtalib.
Ukrainada urush boshlanganidan keyin Vladimir Putin xorijga bor-yo‘g‘i ikki marta tashrif buyurdi: Tojikiston va Turkmanistonga. Mart oyida Rossiya joriy etilgan sanksiyalar soni bo‘yicha Eronni ortda qoldirib, unga nisbatan eng ko‘p cheklovlar qo‘yilgan davlatga aylandi. Eron Markaziy banki Islom respublikasi G‘arb sanksiyalarini chetlab o‘tish tajribasini Rossiya bilan o‘rtoqlashgani haqida xabar berdi.
Izoh (0)