Rossiya Federatsiyasi kengashining reglamentlar bo‘yicha qo‘mitasi 8-iyul kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda Buyuk Britaniya elchisi va boshqa britaniyalik diplomatlarning Rossiya parlamenti yuqori palatasi binosiga tashrif buyurishini ta’qiqlash to‘g‘risida qaror qabul qildi. Bu haqda Meduza xabar berdi.
Avval Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi ortidan uning Londondagi elchisi va boshqa rossiyalik diplomatlarning Britaniya parlamenti binosiga kirishi ta’qiqlangan edi. Bunga rossiyalik senatorlar xuddi shu tarzda javob qaytardi.
Rossiya reglamenti qo‘mitasi rahbari Vyacheslav Timchenkoning aytishicha, bunday vaziyatda rossiyalik senatorlar “jim qarab turolmaydi”.
Kengash yig‘ilishida senatorlardan biri Buyuk Britaniya elchixonasi xodimlari Federatsiya kengashiga so‘nggi paytlarda qanchalik tez-tez tashrif buyurgani haqida so‘radi.
‘‘Ular so‘nggi yillarda kengashga umuman tashrif buyurmagan”, — deb javob berdi xalqaro ishlar bo‘yicha qo‘mitasi rahbari Grigoriy Karasin.
Izoh (0)