Biznes-ombudsman devoni xodimlari tomonidan Qurilish vazirligi, uning hududiy boshqarmalari va tuman (shahar) bo‘limlarida tadbirkorlik subyektlarining huquqlari hamda qonuniy manfaatlariga rioya etilishi bo‘yicha o‘rganish o‘tkazildi. Bu haqda tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo'yicha vakil matbuot xizmati xabar qildi.
Qayd etilishicha, o‘tkazilgan o‘rganishlarda Qurilish vazirligi va uning hududiy bosh boshqarmalari xodimlari tomonidan 1 326 ta holatda tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlari bilan bog‘liq qonun hujjatlari talablarining buzilishiga yo‘l qo‘yilgani aniqlangan. Jumladan, turli davlat xizmatlarini ko‘rsatishda 90 nafar xodim tomonidan 1 091 ta holatda belgilangan muddatlarni kechiktirish, ortiqcha hujjatlar talab qilish, murojaatni asossiz rad etish kabi qonun buzilish holatlariga yo‘l qo‘yilgan.
Shuningdek, tadbirkorlarning ruxsat berish bilan bog‘liq murojaatlarini ko‘rib chiqishda Farg‘ona viloyatida 8 ta, Toshkent shahrida 3 ta holatda litsenziyalash hamda ruxsat berish tartib-taomillari to‘g‘risidagi qonunchilik talablari buzilgan.
Bundan tashqari, amaldagi tartibga asosan, litsenziyalovchi organ tomonidan litsenziya berish masalasini ko‘rib chiqish muddati 7 ish kuni qilib belgilangan bo‘lsa-da, vazirlik markaziy apparati xodimlari tomonidan 7 ta holatda mazkur muddatning buzilishiga yo‘l qo‘yilgan.
Tadbirkorlik subyektlarining murojaatlarini ko‘rib chiqilishi o‘rganilganda 197 ta holatda qonunchilikka zid ravishda murojaatlarni ko‘rib chiqish muddatlari o‘tkazib yuborilgan.
Bundan tashqari, tadbirkorlik subyektlari faoliyatida 20 ta holatda o‘tkazilgan o‘rganishlar biznes-ombudsmanni xabardor qilmasdan amalga oshirilgan.
Yuqoridagi qonun buzilish holatlariga yo‘l qo‘yilgani uchun vazirlik va uning hududiy bosh boshqarmalarining 143 nafar xodimiga nisbatan ma’muriy javobgarlik to‘g‘risida bayonnomalar rasmiylashtirilib, ko‘rib chiqish uchun sudlarga yuborilgan.
Avvalroq O‘zbekistonda avtomobil yo‘llarini sifatsiz ta’mirlagan 7 ta buyurtmachiga 468 mln so‘mdan ortiq mablag‘ to‘lab berilmagani, Sirdaryoda “Obod qishloq” quraman deb 1,5 mlrd so‘mdan ortiq mablag‘ni o‘zlashtirgan mansabdorlar aniqlangani, Davlat soliq qo‘mitasi qurilish sohasida eng ko‘p uchrayotgan soliqdan qochish sxemalari haqida ma’lumot bergani haqida xabar berilgan.
Izoh (0)