O‘zbekistonda 1-maydan pensiya va nafaqalar miqdori 12 foizga oshiriladi. Bu haqda 29-aprel kuni Shavkat Mirziyoyev raisligida ehtiyojmand aholining ijtimoiy himoyasini yanada kuchaytirish chora-tadbirlari yuzasidan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida ma’lum qilindi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Davlat rahbari matbuot xizmatining qayd etishicha, prezident pensiya va nafaqalarni 1-maydan 12 foizga oshirish to‘g‘risida farmonni imzoladi.

Shuningdek eng kam pensiya oladigan 725 ming nafar aholining pensiyasi 14 foizga (440 ming so‘mdan 500 ming so‘mga) oshiriladi.

Yig‘ilishda qayd etilishicha, uyma-uy o‘tkazilgan xatlovlar O‘zbekistonda 2,2 million aholi ijtimoiy yordamga muhtojligini ko‘rsatdi.

“Ehtiyojmand aholining muammolari bilan respublikamizda 16 ta vazirlik va idora shug‘ullansa-da, ular mahalla darajasiga tushib ish olib bormayotgani bois odamlarda bu sohaga e’tirozlar ko‘p. Aslida ushbu aholi qatlami bilan viloyat, shahar va tuman hokimlari, sektor rahbarlari, mahalla raislari, hokim yordamchilari, yoshlar yetakchilari, ayollar faollari har kuni xonadonbay ishlashi kerak”, — degan prezident.