Madriddagi NATO sammiti alyansning tezkor kuchlari sonini oshirish bo‘yicha qaror qabul qilishga imkon beradi, deya bayonot berdi NATO bosh kotibi Yens Stoltenberg.
“Biz tezkor kuchlarimiz sonini sezilarli darajada ko‘paytiramiz: ularning soni 300 mingdan ortiq jangchini tashkil qiladi”, — dedi u Bryusseldagi matbuot anjumanida sammit rejalari haqida gapirar ekan.
G‘arb OAVlarining qayd etishicha, alyans xavfsizlikka tahdid yuzaga kelgan taqdirda imkon qadar tezroq foydalanishi mumkin bo‘lgan ushbu kuchlar soni ayni paytda 40 mingga yaqin harbiy xizmatchini tashkil etadi.
Bundan tashqari, Stoltenberg alyans sharqidagi sakkiz mamlakatda NATO tomonidan joylashtirilgan jangovar guruhlarni kuchaytirish rejalarini e’lon qildi. “Biz sharqiy qanotdagi jangovar guruhlarni brigadalar darajasiga qadar kuchaytiramiz”, — degan bosh kotib.
Jurnalistning ushbu qaror alyansning barcha sakkizta jangovar guruhiga ta’sir qiladimi, degan aniqlashtiruvchi savoliga javob berar ekan, Stoltenberg ularning faqat ba’zilari brigadalar darajasiga ko‘tarilishini tushuntirgan.
Izoh (0)