Tadqiqotlarga ko‘ra, inflyatsiya o‘sishi, moliyaviy bozordagi notinchlik va Ukraina inqirozi ta’siriga qaramay jahon boyliklari o‘sishda davom etmoqda. Bu haqda Financial Times xabar berdi.
Korporativ maslahatchi BCG tadqiqotiga ko‘ra, 2021-yil oxirida moliyaviy va real aktivlarning umumiy qiymati, shu jumladan, mulk 530 trln dollargacha oshgan.
2026-yilgacha bo‘lgan besh yilga mo‘ljallangan prognozlarda moliyaviy boylikning o‘zi yiliga taxminan 5 foizga o‘sishi mumkinligi va bu jami boylikka 75-80,6 trln dollar qo‘shishi ta’kidlandi.
Prognoz moliyaviy bozorlardagi so‘nggi keskin pasayishlarning ta’sirini hisobga olgan. Bu o‘tgan yili kuzatilgan 10,6 foizga o‘sishga qo‘shimcha, so‘nggi o‘n yillikdagi eng katta o‘sishdir.
Ekspertlar Rossiya 2022-yilda urushni to‘xtatib, gaz va neft eksportini qaytadan boshlashini taxmin qiladi, ammo boshqa sanksiyalar 2025-yilgacha amalda qoladi.
Iqtisodiy o‘sish qisqa muddatda zarar ko‘radi, lekin keyingi yildan boshlab u yana tiklanadi. Bunday holda global boylik 2026-yil oxirigacha yiliga 5,3 foizga o‘sishi prognoz qilinmoqda.
Agar urush 2023-yilgacha davom etsa va sanksiyalar kuchaysa ham, harbiy kuchayish yoki NATO ishtiroki bo‘lmasa, boylik to‘planishi istiqbollari ijobiy bo‘lib qoladi.
Keyin jahon boyligi yiliga 5 foizga o‘sadi, natijada boylik zaxirasi 2026-yil oxiriga kelib 5,3 foizlik prognozga qaraganda 5 trln dollarga kamroq bo‘ladi.
Bizni ajablantiradigan narsa — farq kutilganidan kichikroq. Ikkala ssenariyda ham umumiy trayektoriya ijobiy bo‘lib qolmoqda, — deb yozadi BCG tahlilchilari.
Optimizmning sabablaridan biri shundaki, inflyatsiyadan tashvishga tushayotgan investorlar, muassasalar va shaxslar narxlarning ko‘tarilishi oqibatlariga qarshi turish uchun ko‘proq pul mablag‘larini qimmatli qog‘ozlarga o‘tkazishi mumkin. Ko‘chmas mulk narxi shunga o‘xshash sabablarga ko‘ra oshishi mumkin.
Shuningdek, dunyo boyligining katta qismi inqirozdan uzoqda joylashgan markazlarda, xususan, Shimoliy Amerika va tez rivojlanayotgan Osiyo-Tinch okeani mintaqasida jamlangan.
Natijada BCG Gonkong va Singapurning global boylikni boshqarish markazlari sifatida yuksalishi to‘xtovsiz davom etishini kutmoqda. Uning prognozlariga ko‘ra, 2026-yilga kelib Gonkong Shveysariyani ortda qoldirib, tarixiy siljishda xalqaro aktivlar bo‘yicha dunyodagi eng yirik markazga aylanadi.
Izoh (0)