Hukumat qaroriga ko‘ra, 2022/2023-o‘quv yilidan davlat maktablarida o‘quvchilar uchun maktab formasi to‘liq joriy etiladi. Bu haqda Telegram’dagi “Huquqiy axborot” kanali xabar qildi.
Qayd etilishicha, ilgari qaror 2024/2025-o‘quv yilidan boshlab joriy etilishi kerak bo‘lgan. 2022-yil 1-iyungacha hududlar kesimida 2022/2023-o‘quv yilida maktab formalariga ehtiyoj aniqlanadi.
Kam ta’minlangan oilalar farzandlari uchun maktab formasi mahalliy budjet hamda “temir daftar”, “ayollar daftari” va “yoshlar daftari” jamg‘armalari mablag‘lari hisobidan sotib olishda ko‘maklashiladi.
Shuningdek, 2022-yil 10-avgustdan har bir tuman va shaharda maktab formasi ishlab chiquvchilarning savdo shoxobchalari tashkil etiladi.
Ma’lumot uchun, Vazirlar Mahkamasi 2018-yil 15-avgustida yagona maktab formasi bo‘yicha qaror qabul qilgan. Qaror bilan tasdiqlangan nizomning 7-bandi ijtimoiy tarmoqlarda bahs-munozaralar, e’tirozlarga sabab bo‘lgan edi. Xususan, hijobni ham taqiqlagan ushbu bandda, jumladan, shunday deyilgan: “O‘quvchilar ta’lim muassasasi binosi ichida bosh kiyimsiz yurishlari lozim, ta’lim muassasasida o‘tkaziladigan turli tadbirlar jarayoni bundan mustasno”.
Izoh (0)