Toshkent hayvonot bog‘ida onasi bilan aylanib yurgan qizaloq begemot volyeri yaqinidagi to‘siqdan o‘tib, hayvonga tosh va cho‘plar uloqtirdi. Ushbu holat aks etgan videoni hayvonot bog‘i axborot xizmati e’lon qildi.
“Kuni kecha yonida katta odam bor qizaloq Judining volyeriga tosh va cho‘plar otgan, volyer ichiga kirib olib, ovqat bergandek aldagan.
Bunday qilish mutlaqo mumkin emas! Birinchidan, Judi — hayvonot bog‘imizning eng keksa jonivorlaridan biri va biz uni juda yaxshi ko‘ramiz. U begemotlarning qimmatli, yo‘q bo‘lib ketayotgan turiga mansub. Ularning soni Yer kurrasida juda oz qoldi va dunyoning hamma hayvonot bog‘lari ham ularda pakana begemot yashashi bilan maqtana olmaydi.
Bundan tashqari, volyerga o‘z vaqtida yetib kelgan xodimlarimiz bo‘lmaganda, bu vaziyat qanday tugashi noma’lum bo‘lardi.
Aziz do‘stlar, jonivorlarimiz sog‘-salomatligiga e‘tiborliroq munosabatda bo‘ling va hayvonot bog‘ida o‘zini tutish qoidalarini buzmang! Aksincha, odamlar noyob pakana begemotlarni saqlab qolish uchun qo‘lidan kelgancha urinishi kerak”, — deyiladi bog‘ axborot xizmati xabarida.
Mavzuga doir:
- Toshkentda qizini ayiq qafasiga tashlab yuborgan ayol javobgarlikdan ozod etildi
- Ayiq qafasidan olib chiqilgan qizaloq 18 yoshga to‘lguncha Bolalar milliy tibbiyot markazining doimiy nazoratida bo‘ladi
- “Zuzuni ko‘rgani kelayotganlar ko‘paydi”. Qizchaga zarar yetkazmagani ortidan mashhur bo‘lgan ayiq haqida
Izoh (0)