18-mart kuni Tashqi ishlar vazirligida Yevropa Ittifoqi va unga a’zo davlatlar, shuningdek, Buyuk Britaniya, Yaponiya va AQShning diplomatik vakolatxonalari rahbarlari bilan ularning tashabbusi asosida uchrashuv bo‘lib o‘tdi, deb xabar beradi “Dunyo” agentligi.
TIV ma’lumotiga ko‘ra, xorijiy diplomatik missiyalar rahbarlari Ukrainadagi vaziyat bo‘yicha o‘z qarashlari haqida ma’lumot bergan va xalqaro hamjamiyatning o‘t ochishni tezda to‘xtatish, konstruktiv muzokaralar jarayonini o‘tkazish va ushbu mamlakatda xalqaro gumanitar huquqni ta’minlash bo‘yicha sa’y-harakatlarini davom ettirish muhimligini ta’kidlagan.
O‘zbekiston tomoni respublikaning ushbu masala bo‘yicha vazmin va betaraf yondashuv hamda vaziyatni siyosiy va diplomatik yo‘l bilan hal qilishga chaqiriqni ko‘zda tutadigan o‘zgarmas pozitsiyasini bildirgan.
O‘zbekiston Rossiya bilan strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini o‘rnatgani, Ukraina bilan ham o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirib borayotgani alohida ta’kidlangan.
Eslatib o‘tamiz, 24-fevralga o‘tar kechasi Rossiya prezidenti Vladimir Putin Donbassda “mintaqa aholisini genotsiddan himoya qilish” uchun “maxsus harbiy operatsiya” boshlanganini e’lon qilgan edi. O‘zbekiston prezidentining matbuot kotibi Sherzod Asadov Shavkat Mirziyoyev 25-fevral kuni Vladimir Putin bilan telefon orqali muloqot qilgani yuzasidan bergan qo‘shimcha ma'lumotida O‘zbekiston bu masala bo‘yicha vazmin, neytral pozitsiyada ekanligini ma’lum qilgandi.
Oliy Majlis Senatining 17-mart kuni o‘tkazilgan 24-yalpi majlisida tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov O‘zbekiston Ukraina mustaqilligi, suvereniteti va hududiy yaxlitligini tan olishi. Lugansk va Donetsk mustaqilligini tan olmasligini bildirgan.
Izoh (0)