“O‘zgidromet” hafta davomida kuzatiladigan ob-havo haqida ma’lumot berdi.
Qayd etilishicha, 14—17-mart kunlari respublika bo‘yicha beqaror ob-havo saqlanib turadi. Viloyatlar bo‘ylab vaqti-vaqti bilan yomg‘ir yog‘adi, 14—16-mart kunlari ba’zi joylarda kuchli yomg‘ir yog‘ishi va momaqaldiroq bo‘lishi mumkin.
Qoraqalpog‘istonda, Xorazm viloyatida 14-martda va 16—17-mart kunlari ba’zi joylarda asosan kam miqdorda yog‘ingarchilik (yomg‘ir, qor) bo‘ladi.
Haftaning birinchi yarmida kunduz kungi harorat 14-17 daraja iliqdan 8-11 daraja iliqqacha o‘zgarib turadi, chorshanba kuni 16-21 daraja iliqqacha ko‘tariladi.
18-mart juma kuni O‘zbekiston hududiga Rossiyaning Yevropa qismidan sovuq havo massasi kirib keladi. Respublika bo‘yicha yomg‘ir yog‘adi, ayrim joylarda yomg‘ir qisqa muddatga qorga aylanishi ehtimoli bor. Kunduz kuni havo harorati 7-10 daraja iliqqacha pasayadi.
Hafta davomida respublika bo‘yicha ba’zi joylarda shamol 17-22 metr/sekundgacha kuchayadi, momaqaldiroq paytida shamol kuchayishi 25-28 metr/sekundgacha yetishi mumkin.
Respublikaning tog‘oldi va tog‘li hududlarida yog‘ingarchilik yomg‘ir va qor ko‘rinishida bo‘ladi, 14—16 martda ba’zi joylarda kuchli bo‘ladi.
Tog‘oldi va tog‘li hududlarda sel kelishi, tog‘larda qor ko‘chishi xavfi bor.
Izoh (0)