O‘zbekistonda shaxs hayotining sir tutiladigan tomonlarini aks ettiruvchi, sha’ni va nomusini kamsituvchi ma’lumotlarni oshkor qilganlik uchun jinoiy javobgarlikni belgilanishi kutilmoqda.
“Oila va xotin-qizlarni tizimli qo‘llab-quvvatlashga doir ishlarni yanada jadallashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi prezident farmoniga ko‘ra, Adliya vazirligi, Bosh prokuratura, Oliy sud, IIV va Xotin-qizlar va oila ishlari qo‘mitasi 2022-yil 1-iyunga qadar quyidagilar nazarda tutilgan qonun loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritishi lozim:
- shaxs hayotining sir tutiladigan tomonlarini aks ettiruvchi, sha’ni va nomusini kamsituvchi ma’lumotlarni oshkor qilganlik uchun jinoiy javobgarlikni belgilash;
- ayolni o‘z homilasini sun’iy ravishda tushirishga majburlaganlik uchun javobgarlikni kuchaytirish;
- yaqin qarindoshi bo‘lgan xotin-qizga qasddan tan jarohati yetkazganlik uchun javobgarlikni kuchaytirish;
- tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlanuvchiga davlat himoyasini taqdim etuvchi order sud tomonidan bir yil muddatgacha berilishini belgilash;
- ikki oydan ortiq muddat mobaynida moddiy yordamga muhtoj bo‘lgan voyaga yetmagan yoki mehnatga layoqatsiz shaxsni moddiy ta’minlashdan bo‘yin tovlagan shaxsga nisbatan haq to‘lanadigan jamoat ishlariga yoki boshqa ishga majburiy jalb qilish tarzidagi ma’muriy huquqbuzarlikka oid jazo turini belgilash,
- chet el fuqarosi O‘zbekiston hududida aliment majburiyatlarini bajarmaganlik uchun sudlangan yoki ma’muriy javobgarlikka tortilgan bo‘lsa, unga nisbatan O‘zbekistondan chiqarib yuborish va O‘zbekistonga kirish huquqini cheklash bo‘yicha majburlov choralarini qo‘llamaslik.
Izoh (0)