UEFA tashkiloti Chempionlar Ligasi doirasida kechgan “Real” — “PSJ” uchrashuvidagi holat yuzasidan parijliklar rahbariyatiga jazo choralarini qo‘llaydi.
Tashkilot “PSJ” prezidenti Nosir al-Helayfi va jamoa sport direktori Leonardoga nisbatan intizomiy ish ochgani haqida bayonot berdi. Bu haqida L’Equipe xabar qildi.
Al-Helayfi va Leonardo Chempionlar Ligasi doirasida “Real”ga qarshi o‘yindan (1:3) so‘ng o‘zlarini tajovuzkor tutgan edi. Ular hakam xonasiga kirishga harakat qilgan, yordamchi hakamning bayrog‘ini sindirib tashlagan. Undan tashqari prezident “Real” delegatiga qarata o‘lim bilan tahdid qilgandi. Bularning barchasini uchrashuv bosh hakami Danni Makkeli o‘z protokoliga kiritgan va UEFAga shikoyat xati yozgan.
“Real” Chempionlar Ligasi 1/8 finali javob uchrashuvida “PSJ” ustidan 3:1 hisobida g‘alaba qozondi va keyingi bosqich yo‘llanmasiga ega chiqdi. Jamoalar o‘rtasidagi birinchi uchrashuvda parijliklarning qo‘li baland kelgandi.
Izoh (0)