Janubiy Koreyaning Pusan shahri portida 8 ta maxsus yong‘in o‘chirish va tibbiyot texnikasini beg‘araz maqsadda O‘zbekistonga yuborish marosimi bo‘lib o‘tdi, deb xabar beradi “Dunyo” agentligi.
Maxsus texnikalarni yuborish marosimida O‘zbekistonning Seuldagi elchixonasi Janubiy Koreya Milliy yong‘in xavfsizligi xizmati, Janubiy Koreya—O‘zbekiston biznes assotsiatsiyasi va Koreya yong‘in xavfsizligi assotsiatsiyasi vakillari bilan birgalikda ishtirok etgan.
Mazkur texnikalar O‘zbekistonga 2022-yilning aprel-may oyida yetkazib kelinishi rejalashtirilmoqda. Janubiy Koreya tomoni maxsus texnikalarni topshirishdan tashqari ulardan foydalanish bo‘yicha o‘quv kurslarini tashkillashtirish niyatida.
Tadbir davomida tomonlar ikki davlat o‘rtasida yong‘in xavfsizligi sohasidagi hamkorlikni rivojlantirishda ijobiy dinamikani qayd etgan. Xususan, O‘zbekiston FVV Yong‘in xavfsizligi va favqulodda vaziyatlar ilmiy-tadqiqot instituti bilan Janubiy Koreya yong‘in xavfsizligi instituti o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolanib, muntazam tajriba almashish maqsadida idoralararo hamkorlikning bevosita aloqalari yo‘lga qo‘yilgan.
Tomonlar yong‘in xavfsizligi sohasida hamkorlikni yanada faollashtirishga tayyor ekanliklarini bildirgan.
Eslatib o‘tamiz, 2020-yil aprel oyining yakunida esa Janubiy Koreya tomonidan O‘zbekistonga umumiy qiymati 250 ming AQSh dollariga teng bo‘lgan diagnostika to‘plamlari taqdim etildi. Iyun oxirlarida mamlakat koronavirusga qarshi kurashish uchun O‘zbekistonga 5 million dollar ajratgandi. 2021-yilning oktabrida Janubiy Koreya O‘zbekistonga koronavirusga qarshi kurash uchun yana 5 million dollar ajratgan. 2021-yilning dekabrida esa Janubiy Koreya O‘zbekiston FVVga 8 ta avtomobil va maxsus texnikani beg‘araz topshirgan edi.
Izoh (0)