Janubiy Koreya hukumati 2021-yilda O‘zbekistonda COVID-19 bilan kurashish bo‘yicha kompleks dasturni amalga oshirish uchun 5 million dollar ajratdi, ushbu mablag‘dan 4,57 million dollari sog‘liqni saqlash sohasiga yo‘naltiriladi. Bu haqda Janubiy Koreyaning Toshkentdagi elchixonasi matbuot xizmatiga tayanib “Gazeta.uz” xabar berdi.

Foto: Janubiy Koreyaning Toshkentdagi elchixonasi

Koreya xalqaro hamkorlik agentligi (KOICA) tomonidan amalga oshiriladigan dasturning ochilish marosimi 12-oktabr kuni bo‘lib o‘tgan. U Janubiy Koreya Tashqi ishlar vazirligining “Koreyaning Taraqqiyot uchun rasmiy yordami: Ishonchli munosabatlarni qurish” (ODA KOREA: Building TRUST) dasturi doirasida amalga oshiriladi.

Tadbirda sog‘liqni saqlash vazirining o‘rinbosari Abdulla Azizov, Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati rahbari Bahodir Yusupaliyev, Toshkent tibbiyot akademiyasi rektori Alisher Shodmonov, Janubiy Koreya tashqi ishlar vazirining ko‘p tomonlama munosabatlar va global masalalar bo‘yicha o‘rinbosari Xam Sang Uk, elchi Kan Chje Kvon, KOICA’ning O‘zbekistondagi ofisi direktori Pak Sunjin, Koryo universiteti professori Choy Je Vuk va boshqalar ishtirok etgan.

Kompleks dastur doirasida KOICA Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati bilan yuqumli kasalliklar profilaktikasi va ularga qarshi kurash bo‘yicha KOICA dasturini (1,6 million dollar) hamda Toshkent tibbiyot akademiyasi bilan yuqumli kasalliklarni tadqiq qilish salohiyatini rivojlantirish bo‘yicha dasturni (300 ming dollar) amalga oshirish bo‘yicha memorandumlarni imzolagan.

Foto: Janubiy Koreyaning Toshkentdagi elchixonasi

2021-yilgi dasturlar yuqumlik kasalliklarni profilaktika va nazorat qilishni boshqarish sohasida salohiyatni mustahkamlash, yuqumlik kasalliklar diagnostikasi bilan shug‘ullanadigan laboratoriyalar uchun sifat nazorati tizimini yaratish, yuqumli kasalliklar va vaksinatsiyani monitoring qilish milliy tizimini yaratish, koronavirus bilan bog‘liq tadqiqotlar salohiyatini mustahkamlash, shuningdek, tibbiy muassasalarga uskunalarni taqdim etish orqali davolash salohiyatini mustahkamlash va boshqalarni o‘z ichiga oladi.

Tadbir davomida KOICA Sog‘liqni saqlash vazirligiga 35 ta tumanlararo tez yordam markaziga o‘rnatish uchun 2,32 million dollarlik 87 ta kislorod generatorini topshirgan.

Eslatib o‘tamiz, koronavirus infeksiyasi tarqalishining dastlabki bosqichida O‘zbekistonga Janubiy Koreya ham yordam ko‘rsatgandi, xususan, professor Soy Chje Uk va Yun Sing Ju kabi malakali tibbiyot xodimlari mamlakatga maslahatchi sifatida kelib, epidemiyaga qarshi kurashda mahalliy mutaxassislarga yordam berdi.

2020-yil aprel oyining yakunida esa Janubiy Koreya tomonidan O‘zbekistonga umumiy qiymati 250 ming AQSh dollariga teng bo‘lgan diagnostika to‘plamlari taqdim etildi. Iyun oxirlarida mamlakat koronavirusga qarshi kurashish uchun O‘zbekistonga 5 million dollar ajratgandi.