Navoiy viloyati Uchquduq tuman hokimligi mansabdor shaxslariga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Bu haqda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi axborot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, agentlik tomonidan O‘zbekiston prezidentining 2017-yil 25-apreldagi “Navoiy viloyatining olis cho‘l tumanlarida aholiningn turmush darajasini yanada oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori talablarining ijrosi bo‘yicha viloyatning Uchquduq tumanida o‘rganish o‘tkazilgan.
Mazkur qarorda olis cho‘l hududida kamida 3 yildan ortiq yashagan shaxslar oliy ta’lim muassasalarida davlat granti asosida qabul qilinishi belgilangan.
O‘rganishlar mobaynida esa Uchquduq tuman hokimining sobiq o‘rinbosari va boshqalar cho‘l hududida joylashgan “Yo‘lchilar”, “Ko‘kpatas” va “Ko‘kayaz” MFYlarida 3 yil davomida yashamagan 33 nafar shaxsga ularning ushbu muddatda qayd etilgan mahallalarda yashagani to‘g‘risida soxta dalolatnomalar rasmiylashtirib berib, shundan 25 nafarini oliy ta’lim muassasalariga davlat granti asosida o‘qishga kirishiga sababchi bo‘lgani aniqlandi.
Oqibatda davlat va fuqarolarning huquqlari, qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlariga jiddiy ziyon yetkazilgan. Shuningdek, ushbu talabalarning grant asosida o‘qishi uchun amalda 650 million so‘m budjet mablag‘larining sarflanishiga sababchi bo‘lib, davlat manfaatlariga zarar yetkazgan.
Agentlik tomonidan mazkur holat yuzasidan to‘plangan hujjatlar hamda prokuratura idoralari o‘tkazgan qo‘shimcha o‘rganishlar bo‘yicha Bosh prokuraturaci tomonidan Uchquduq tuman hokimligi mansabdor shaxslari va boshqalarga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Mavzuga doir:
- Samarqandda 50 ming dollar evaziga DXXga ishga kiritib qo‘ymoqchi bo‘lgan shaxs qo‘lga olindi
- Buxoroda o‘g‘lining nomidagi 7,4 gektar yerni noqonuniy ravishda 84 ming dollarga sotishga uringan shaxs ushlandi
- Sergelida shirkat mansabdorlari aholidan uy-joy kommunal xizmati uchun undirilgan 193 mln so‘mni o‘zlashtirgani aniqlandi
Izoh (0)