Pokiston janubi-g‘arbidagi Balujiston provinsiyasida sodir etilgan teraktda 10 nafar harbiy halok bo‘ldi. Bu haqda Mudofaa vazirligining Jamoatchilik bilan aloqalar boshqarmasi (ISPR)ga tayanib, Dawn xabar berdi.
26-yanvarga o‘tar kechasi Kech tumanidagi nazorat-o‘tkazish punktiga ekstremistlar hujum qilgan. Terrorchilar bilan shiddatli otishma chog‘ida 10 nafar harbiy halok bo‘lgan. Shuningdek, jangarilardan biri yo‘q qilingan, bir necha kishi yaralangan, uch nafar ekstremist asirga olingan.
Harbiylar hujum ortida turgan terrorchilar qaysi guruhga tegishli ekanini ochiqlamagan, biroq 26-yanvar kuni ijtimoiy tarmoqlarda Balujiston ozodlik fronti hujum uchun javobgarlikni o‘z zimmasiga olgan.
Balujiston — Pokistonning janubi-g‘arbida joylashgan bo‘lib, Eron va Afg‘oniston bilan chegaradosh. Provinsiyada ayirmachilar va ekstremistik kuchlar faol harakatlar olib boradi.
Avval Hindistonda harbiylar xatolik tufayli 10 dan ortiq tinch aholini otib tashlagani, Ozarbayjonda 3 nafar harbiy xizmatdoshini otib o‘ldirgan chegarachi qo‘lga olingani haqida xabar berilgandi.
27-yanvar kuni Ukrainada Milliy gvardiya askari o‘z hamkasblariga qarata o‘t ochgan, oqibatda 5 kishi halok bo‘lgan, yana besh kishi yaralangan.
Izoh (0)