27-yanvar kuni ertalab soat 09:00 dan boshlab shaharlararo yo‘nalishlar bo‘ylab, shuningdek, aksariyat hududlarda gaz quyish shoxobchalari ishlay boshlaydi. Bu haqda Energetika vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Ta’kidlanishicha, ayni damda Toshkent, Farg‘ona, Andijon va Namangan viloyatlari bundan mustasno bo‘lib, ushbu hududlarda gaz ta’minotining ish rejimini tiklash ishlari olib borilmoqda.
“Ertaga ertalabdan boshlab respublikamizdagi barcha gaz quyish shoxobchalari ish faoliyatini tiklash rejalashtirilmoqda”, — deyiladi xabarda.
26-yanvardan avtomobillarga gaz to‘ldirish stansiyalari faoliyatiga vaqtinchalik cheklovlar kiritilgan, shuningdek, yuridik iste’molchilarga ham tabiiy gaz yetkazib berish to‘xtatilgandi.
Avvalroq Energetika vazirligi xonadonlardagi ortiqcha elektr jihozlarini tarmoqqa ulamaslikni so‘ragandi. Ta’kidlanishicha, yuzaga kelgan nosozliklar sababli mamlakatdagi mavjud gaz qazib olish konlari va uni qayta ishlash zavodlarida texnologik jarayonlarning buzilish holatlari kuzatilmoqda.
Izoh (0)