“PSJ” hujumchisi Lionel Messi va uning sobiq jamoadoshi, “Barselona” himoyachisi Xerard Pike o‘rtasidagi munosabatlar yomonlashgan. Bu haqda jurnalist Luis Kanut xabar berdi.
Manbaga ko‘ra, Messi Pikening Xordi Alba va Serxio Busketsdan farqli o‘laroq, unga “Barselona”da qolish imkoniyatini berish uchun maoshining kamayishiga rozi bo‘lmaganidan ranjigan.
“Pikening yaqinda uzaytirgan shartnomasi Messining hafsalasini pir qildi. Chunki Leo ‘Barselona’dan ketgunga qadar Pike yangi shartnoma imzolamagan. Argentinalik uning jamoada qolishi uchun Xerard avvalroq kataloniyaliklar bilan shartnomani uzaytirishi lozim edi, deb hisoblaydi”, — degan jurnalist Luis Kanut.
Avvalroq, 34 yoshli Pikening kataloniyaliklar safidagi eng ko‘p maosh oluvchi futbolchi ekanligi xabar berilgandi. U soliqlar bilan birgalikda yiliga 28 million yevro maosh olishi ma’lum qilingandi. Shundan so‘ng himoyachi Twitter sahifasida 2,3 million yevro ko‘rsatilgan bank chekini ko‘rsatdi va bu 2021-yilda olgan maoshining 50 foizi ekanligini yozib qoldirdi.
Eslatib o‘tamiz, Lionel Messi 2021-yilning yozida erkin agent sifatida “PSJ”ga o‘tdi va 2023-yilning yozigacha mo‘ljallangan shartnomaga imzo chekdi. Argentinalik hujumchi Liga 1 da 12 ta o‘yinda ishtirok etib, bitta golga mualliflik qildi.
Izoh (0)