Eslatma: Ushbu material birinchi marta 2021-yil 24-avgustda chop etilgan va yilning e’tiborga molik materiallardan biri sifatida, ayrim to‘ldirishlar bilan, takroran e’lon qilinmoqda

Ortda qolayotgan 2021-yilda sportchilarning bevaqt vafoti bilan bog‘liq bir nechta holatlar kuzatildi. So‘nggi yillarda bir qancha sportchilar qotillik, xastalik yoki baxtsiz hodisa qurboniga aylandi. “Daryo” ushbu sahifada so‘nggi 3 yilda fojiali o‘lim topgan sportchilar haqida so‘z yuritadi.

Samandar Yigitaliyev

Foto: “Navbahor”

2021-yil 29-dekabr kuni Namanganning “Navbahor” futbol klubi a’zosi Samandar Yigitaliyev avtohalokat oqibati hayotdan ko‘z yumdi. “Navbahor U-18” himoyachisi 29-dekabr kuni sodir bo‘lgan YTHda olgan tan jarohati oqibatida vafot etgan.

Diyor Rahimqulov

Diyor Rahimqulov

Foto: “Bunyodkor”

“Bunyodkor” futbolchisi Diyor Rahimqulov 2021-yil 11-dekabr kuni avtohalokat oqibatida vafot etdi.

19 yoshli Diyor Rahimqulov 2021-yilgi mavsumda “Andijon” klubida ijara asosida to‘p surgandi. Uning transfer huquqi “Bunyodkor”ga tegishli. Diyor Toshkent jamoasi tarbiyalanuvchisi hisoblanadi.

Nikolay Shirshov

Foto: “Rostov”

O‘zbekistonlik sobiq futbolchi Nikolay Shirshov 2021-yil 28-dekabr kuni vafot etdi. 47 yoshli Shirshovning o‘limiga qon tomirlaridagi trombning bexosdan yorilib ketishi sabab bo‘lgan.

Ma’lum bo‘lishicha, Shirshov Rostov viloyatining Novoshaxtinsk shahrida istiqomat qilgan va murabbiy sifatida faoliyat yuritgan.

Kamoliddin Rasulov

Kamoliddin Rasulov.

Foto: Marhum yaqinlarining shaxsiy arxividan

2012-yilda o‘tkazilgan sambo bo‘yicha o‘smirlar o‘rtasidagi jahon chempionati g‘olibi Kamoliddin Rasulov 2021-yilning 13-sentabr kuni qasddan o‘ldirib ketildi. Sportchining o‘limiga sabab bo‘lgan Sh.T. ham milliy kurash va dzyudo bo‘yicha O‘zbekiston chempioni bo‘lib, o‘zbek milliy kurashi bo‘yicha birinchi jahon chempioni — Toshtemir Muhammadiyevning jiyani bo‘lgan.

Kamoliddinning tanishi bo‘lgan Sh.T. kechki payt unga qo‘ng‘iroq qilib, xarid qilib olgan “Humo Trop” vitaminini tavsiyasiga ko‘ra iste’mol qilgani natijasida sog‘lig‘i yomonlashganini, shifokorlar bu kasallikning davosi yo‘qligini bildirganini aytib, uni Uchtepa tumani, 14-mavzedagi uyi oldiga chaqirgan. Ular ko‘rishgach, o‘zaro janjallashib qolib, Sh.T. yonida olib chiqqan oshxona pichog‘i bilan Kamoliddin Rasulovni turli sohalariga bir necha marotaba urib, qasddan o‘ldirgan.

Rasulov o‘limi yuzasidan Uchtepa tumani prokuraturasi tomonidan Sh.T.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 97-moddasi 1-qismi (qasddan odam o‘ldirish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, u Jinoyat protsessual kodeksining 221-moddasi tartibida ushlangan. Keyinchalik ushbu jinoyatda bir necha kishining qo‘li borligi va ularning harakati o‘sha atrofdagi kamera tasviriga tushib qolgani ma’lum bo‘ldi.

Elbek Rahimov 

Elbek Rahimov. (Chapda)

Foto: Telegram

Qashqadaryo viloyatining Qarshi shahrida ushu-sanda bo‘yicha jahon chempioni, MMA jangchisi Elbek Rahimov 17-avgust kuni soat 09:45 da o‘ldirib ketildi. Rahimov avvaliga rosa do‘pposlangan. So‘ngra pichoqlanib, yarimjon holatda mashinaga tiqib olib ketilgan. Marhumning jasadi Chiroqchi tumanining Yettitom qishlog‘idan topilgan.

Qotillik bo‘yicha gumon qilingan 7 nafar yigit Chiroqchi tumani va Qarshi shahri hududida qo‘lga olingan. Oliy sud raisi chempion o‘limida gumonlanayotganlar ishi ochiq sudda ko‘rilishini, jarayonni yoritish uchun OAV vakillariga sharoit yaratilishini ma’lum qildi.

Murod Xonto‘rayev

Foto: Instagram

2021-yilning 19-iyul sanasida Toshkent viloyati, Bo‘stonliq tumani hududidan o‘tuvchi 4R-12 avtomobil yo‘lining 68-kilometrida bir yo‘nalishda harakatlanib ketayotgan Lacetti hamda BMW X5 rusumli avtomobillar ishtirokida to‘qnashuv sodir bo‘lgan. To‘qnashuv oqibatida BMW X5 rusumli avtomobil yo‘ldan chiqib ketib ag‘darilgan. BMW X5 mashinasi ichida O‘zbekiston MMA assotsiatsiyasi vitse-prezidenti Murod Xonto‘rayev bo‘lgan. MMA jangchisi voqea joyida vafot etgan. Keyinchalik ushbu YTH yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi, ayni vaqtda tergov ishlari olib borilmoqda.

Asadbek To‘rayev 

Foto: UzNews

Qashqadaryolik 17 yoshli futbolchi Asadbek To‘rayev 2021-yil 6-iyul kuni soat 13:00—14:00 orasida do‘stlari bilan Chimqo‘rg‘on suv omboriga cho‘milishga borgan va cho‘milish paytida cho‘kib ketgan. Do‘stlari uning jasadini qirg‘oqqa olib chiqqan.

Asadbek To‘rayev tumandagi 83-maktabning 11-sinf o‘quvchisi bo‘lgan. U tumandagi “Qamashi” futbol klubi yarim himoyachisi hisoblangan. Jamoasi bilan birgalikda 12−15-iyun kunlari bo‘lib o‘tgan DXX raisi Kubogida chempion bo‘lgandi.

Go‘zal Ismatova

Foto: O‘zA

Boks bo‘yicha ayollar o‘rtasidagi Osiyo chempionati g‘olibi, ko‘p karra O‘zbekiston chempioni Go‘zal Ismatova 2021-yilning fevral oyida 25 yoshida vafot etadi. Sportchining o‘limiga saraton xastaligi sabab bo‘lgani aytilgandi.

Timur Berdiyev 

Foto: PFL

2021-yil 28-fevral kuni futzal bo‘yicha OKMK futzal jamoasining 26 yoshli o‘yinchisi Timur Berdiyev avtohalokatga uchrab vafot etdi. Timur 2021-yil 27-fevral, shanba kuni Andijondan Toshkentga Matiz avtomashinasida yo‘lovchi sifatida qaytayotgan bo‘lgan. Qamchiq dovonida esa Matiz, Nexia va Tico avtomobillari yo‘l transport hodisasini vujudga keltirgan. Ushbu to‘qnashuv oqibatida futzalchi vafot etgan.

Bekzod Nurmatov 

Foto: Instagram

MMA jangchisi Bekzod Nurmatov 2019-yil 7-oktabr kuni Chechenistonning Grozniy shahrida o‘tkazilgan ACA 100 musobaqasidan so‘ng vafot etdi. 4-oktabr kuni Nurmatov mazkur musobaqa doirasida Beslan Isayevga qarshi oktagonga chiqib, hakamlar qaroriga ko‘ra jangni boy beradi.

Jangdan so‘ng Bekzod Nurmatov hushini yo‘qotgan va koma holatiga tushib qolgan. Shifokorlar unda insult (miyaga qon quyilishi) yuz berganini ma’lum qilgan. Ikki kunlik komadan so‘ng 7-oktabr sanasida sportchi shifoxonada vafot etgan.

Muslimbek Omonov 

Foto: “Vesti.uz”

2019-yil 11-sentabr kuni MMA jangchisi Muslimbek Omonov mushtlashuvda olgan jarohati oqibatida vafot etdi.

11-sentabrga o‘tar kechasi soat taxminan 00:50 da Yunusobod tumanida joylashgan kafelarning birida bir-biridan alohida ikki davrada o‘tirgan yigitlar o‘rtasida mojaro kelib chiqqan.

Tomonlar ko‘chaga chiqib, Shayxontohur tumaniga qarab yo‘l olgan va u yerda mushtlashuv kelib chiqqan. Natijada uch kishi tan jarohatlari bilan kasalxonaga murojaat qilgan, ulardan biri — 23 yoshli Muslimbek Omonov shifokorlar sa’y-harakatlariga qaramay vafot etgan.

Otabek Aliyev 

Foto “Stadion.uz”

Aralash jang san’ati jangchisi, xalqaro musobaqalar g‘olibi shahrixonlik Otabek Aliyev 2018-yil 18-sentabrda ro‘y bergan pichoqbozlik oqibatida vafot etgan.

Otabek A.A. ismli shaxs bilan bir kun avval janjallashib qoladi, janjal esa mushtlashuvga aylanadi. Ertasiga ular ko‘chada ko‘rishib qoladi. So‘ng orani ochiq qilish uchun Otabekning Cobalt rusumli mashinasiga o‘tirib tumandagi “Saidxon farovonligi” MChJ qoshidagi avtotransport vositalariga metan-gaz quyish shoxobchasiga yo‘l oladi.

Orani ochdi qilish haqoratga ulanib, shu paytda A.A. yonida bo‘lgan xo‘jalik pichog‘i bilan qasddan Otabek Aliyevning qorin qismiga bir marotaba urib, uning hayoti uchun xavfli bo‘lgan og‘ir shikast yetkazadi. Otabek Aliyev og‘ir tan jarohati olib, 19-sentabr kuni shifoxonada vafot etadi.

Jamshid Kenjayev 

Foto: Instagram

2018-yil 9-avgust kuni soat 00:25 larda Yunusobod tumanidagi Aurum 898 tungi klubi oldida janjal oqibatida erkin kurash bo‘yicha xalqaro toifadagi sport ustasi 25 yoshli Jamshid Kenjayev olamdan o‘tadi.

Kenjayev bilan nizolashib, uning o‘limiga sababchi bo‘lgan Shodali Qilichovga 18 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlanib, ozodlikdan mahrum qilish jazosini qattiq tartibli koloniyada, Saidazim Kamoldinov, Alijon Xamrayev va Jahongir Yorqulovning har biriga 5 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlanib, ozodlikdan mahrum qilish jazosini manzilli koloniyada o‘tash belgilangan.