Pxenyanda Koreya Mehnat partiyasi markaziy qo‘mitasining sakkizinchi chaqiriq to‘rtinchi plenumi ochildi. Bu haqda Koreya Markaziy telegraf agentligiga tayanib, “Interfaks” xabar berdi.
Xabarda keltirishicha, forumga “siyosiy byuroning topshirig‘iga ko‘ra” Koreya Mehnat partiyasi bosh kotibi Kim Chen In raislik qilmoqda.
Agentlik ma’lumotlariga ko‘ra, plenumda 2021-yilda siyosatning asosiy yo‘nalishlarida amalga oshirilgan masalalar ko‘rib chiqiladi va “Sotsialistik qurilish taraqqiyotining yangi davriga kirishish uchun partiya va xalq kurashiga dinamik rahbarlikning strategik hamda taktik vazifalari” bo‘yicha qaror qabul qilinadi.
Kun tartibi va partiya forumining ish muddati to‘g‘risida ma’lumot berilmagan.
Eslatib o‘tamiz, 2021-yilning sentabr oxirida KXDR Janubiy Koreya bilan urush tugaganini e’lon qilishga hali erta ekanini ma’lum qilgandi. Keyinroq Koreya Mehnat partiyasi markaziy qo‘mitasi bo‘lim mudiri o‘rinbosari, Shimoliy Koreya rahbarining singlisi Kim Ye Chjon Pxenyan Seul bilan Koreyalararo urushning rasman tugagani to‘g‘risida konstruktiv muloqotga tayyor ekanini aytgan. Oktabr boshida Shimoliy Koreya Janubiy Koreya bilan aloqalarni to‘liq tiklashga qaror qildi.
Izoh (0)