Davlat soliq qo‘mitasi raisi Sherzod Kudbiyev “Toshkent yoshlar forumi — 2021” doirasidagi yoshlar bilan uchrashuvda mashinasida kira qilgan davrlarini yodga oldi. Bu haqda “Daryo” muxbiri xabar qildi.
“2007-yilda Mehnat vazirligida yetakchi mutaxassis sifatida ish boshlaganman. O‘shanda 2007-yildan to 2009-yilgacha kunduz kunlari ishda bo‘lsam, oylik yetishmagani sababli kechki vaqt qizil Tico avtomobilimda kira qilardim.
Hozir bir emas, ikki nafar haydovchim bor. Toshkentni ikkovidan ham yaxshiroq bilaman. Lekin hamma shunday qilishi kerak demoqchi emasman. Bu, balki, noto‘g‘ri hamdir”, – deya gapirib o‘tdi Kudbiyev.
Ma’lumot uchun, Kudbiyev 1981-yil 12-aprelda Farg‘ona shahrida tug‘ilgan, 2000-yilda Farg‘ona politexnika institutini tamomlagan, yetti yil shu universitetda ishlagan. 2007–2016-yillarda Bandlik va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi, shuningdek, Vazirlar Mahkamasi tuzilmalarida turli lavozimlarda ishlagan.
2016-yilda Toshkent shahrining Mirzo Ulug‘bek tumani hokimi, 2018-yilning 12-aprelida esa bandlik va mehnat munosabatlari vaziri etib tayinlangan. 2019-yil avgust oyi oxirida prezidentning davlat xizmati va vakillik organlari bilan o‘zaro hamkorlik masalalari bo‘yicha maslahatchisi lavozimini egallagan edi.
Izoh (0)