O‘zbekistonda 7-dekabrning eng asosiy hodisasi — Denovdagi portlash. “Indenim” (sobiq “Yubileyniy”) savdo majmuasida yuz bergan juda kuchli portlash oqibatida kamida 9 kishi tan jarohati olib, shifoxonaga yotqizilgan, savdo majmuasi vayronalari ostidan esa hozirgacha ikki kishining jasadi topilgan. Bundan tashqari, majmua yaqinidagi boshqa ma’muriy va turar joy binolariga jiddiy shikast yetgan. Shu qadar katta hodisaki, hali kun yorishmay bosh vazir o‘rinbosari Ochilboy Ramatov boshchiligidagi hukumat komissiyasi tuzilib, Surxondaryoga safarbar qilingan.

Umummilliy bayram — Konstitutsiya kuni arafasida yuz bergan mash’um voqeani O‘zbekistonning markaziy telekanallaridagi informatsion dasturlar qanday yoritdi? “Daryo” ularning barini kuzatib chiqdi.

“Milliy” telekanali, “Millar” informatsion dasturi

Kadr: “Milliy” telekanali

Denovdagi portlash haqida “Milliy” telekanalining “Millar” informatsion dasturida soat 16:30 da axborot berildi. Bir daqiqadan ko‘proq davom etgan lavha Favqulodda vaziyatlar vazirligi (FVV) matbuot xizmati tomonidan kun davomida berilgan axborotlarni takrorlaydi, xolos (unda hatto portlash ham “fe-ve-vecha”siga “chaqnash” deyilgan).

“Yoshlar” telekanali, “Yangi Davr” informatsion dasturi

Kadr: “Yoshlar” telekanali

“Yangi Davr”ning 19:00 dagi sonida Denovdagi hodisa kunning eng muhim ikkinchi hodisasi sifatida taqdim etildi. Salkam 90 soniyalik lavha FVV e’lon qilgan axborotlarning takrori bo‘ldi, deyish mumkin. Farqli jihati, FVV axborotlarining yarmini “Davr” boshlovchilari o‘qib bergan, qolgan yarmini “Davr” studiyasi bilan “telefon orqali bog‘langan” FVV matbuot kotibi Murod Sodiqov o‘qib eshittirdi.

“Mening Yurtim” telekanali, “Markaziy studiya” informatsion dasturi

Kadr: “Mening yurtim” telekanali

“Markaziy studiya”ning soat 19:00 dagi efirida Denovdagi hodisa to‘rtinchi xabar sifatida berildi va boshlovchilar kun davomida FVV bergan axborotga aytarli qo‘shimcha qila olmadi. Ular “shu manzilda bo‘lib turgan manbalar”ga tayanib “qidiruv-qutqaruv ishlari davom etayotgani”ni ta’kidlab, voqeaning batafsil tafsilotlari bilan “Markaziy studiya”ning ertangi (8-dekabrdagi) sonida tanishish mumkinligini eslatib o‘tdi.

“Zo‘r-TV” telekanali, “Bu kun” informatsion dasturi

Kadr: “Zo‘r-TV” telekanali

“Bu kuni” soat 20:00 dagi hisobot efirida Denovdagi portlashni kunning eng asosiy hodisasi sifatida birinchi xabar qilib berdi, ammo bu 85 soniyalik lavha FVVning kun davomida bergan qisqa axborotlari jamlanmasi bo‘ldi, xolos.

“Sevimli” telekanali, “Zamon” informatsion dasturi

“Zamon”ning 12:00 dagi efirida Denovdagi portlash birinchi xabar sifatida berildi va u 65 soniyalik lavha, tabiiyki, FVV axborotining takrori edi. 20:00 dagi hisobot efirida portlash haqidagi lavha navbatda to‘rtinchi bo‘ldi, ammo davomiyligi va batafsilligi bilan boshqalardan ajralib turadi. Quyida uch daqiqa-yu 34 soniya davom etgan lavha stenogrammasi bilan to‘liq tanishish mumkin (darvoqe, zamonchilar portlashni rasmiychasiga “chaqnash” deb emas, oddiychasiga “portlash” deb atagan).

“Surxondaryo viloyatida bugun tongda sodir bo‘lgan noxush hodisa jamoatchilik diqqat markazida bo‘lib turibdi. FVVning xabar berishicha, 7-dekabr kuni soat 03:57 larda Denov shahrida joylashgan ikki qavatli ‘Indenim’ savdo majmuasi binosida portlash yuzaga keldi. Aniqlanishicha, portlash natijasida savdo majmuasi binosi devorlari qulab tushgan va yong‘in sodir bo‘lgan. Yong‘in qutqaruv bo‘linmalari soat 04:02 da yetib borgan va yong‘inni soat 04:25 da o‘chirgan. Hodisa joyiga bosh vazirning birinchi o‘rinbosari Ochilboy Ramatov boshchiligidagi hukumat komissiyasi yetib borgan. Vayronalar ostida qidiruv-qutqaruv ishlari olib borilganda, ikki kishining jasadi topilgan. Muxbirimiz Sobit Qaynarov voqea sodir bo‘lgan joyga bordi va tafsilotlarni o‘rgandi.

Bugun, ya’ni 7-dekabr kuni soat tonggi 4:00 lar atrofida Denov shahrining qoq markazida joylashgan ‘Indenim’ savdo majmuasi binosida chaqnash sodir bo‘lgan. Oqibatda, ko‘rib turganlaringizdek, savdo markazidan umuman asar ham qolmagan. Gap shundaki, bugun soat 4:00 lar atrofida Denov shahri Mustaqillik ko‘chasida joylashgan ‘Indenim’ savdo markazida portlash sodir bo‘ldi. Oqibatda ikki qavatdan iborat yirik majmuaning devorlari qulab tushgan va butkul vayron bo‘lgan. Chaqnash bir kilometr radiusda joylashgan ko‘plab korxona, tashkilot va muassasalarga ham jiddiy zarar yetkazgan. Atrof shisha va turli buyumlarning siniqlari, qulab tushgan devor parchalari bilan to‘lgan. Ma’lum bo‘lishicha, yong‘in qutqaruv bo‘linmalari soat 04:02 da majmuaga yetib borgan va soat 04:25 da yong‘in bartaraf etilgan. FVV ma’lumotiga qaraganda, portlash oqibatidagi vayronalar ostidan ikkinchi halok bo‘lgan fuqaro topilgan. Jarohat olganlar esa shifoxonaga yotqizilgan.

Kadr: “Sevimli” telekanali

O‘rganishlarimiz davomida Denov tumani shoshilinch tibbiy yordam bo‘limida bo‘ldik. Shifokorning ta’kidlashicha, mazkur hodisa oqibatida jarohat olgan 8 nafar fuqaro olib kelingan. ‘Bugun ushbu hodisa sababli shoshilinch tibbiy yordam bo‘limiga 8 nafar fuqaro olib kelindi. Ularning bittasining ahvoli qoniqarli bo‘lganligi sababli birinchi yordamdan keyin o‘zining yashash joyiga ketdi. 7 nafar fuqaro yotqizildi. Bir nafar fuqaro og‘ir tan jarohati bo‘lganligi tufayli operatsiya muolajasi o‘tkazildi. Operatsiyadan keyin ahvoli hozir qoniqarli, hushiga kelgan. Dori-darmon, ukollarini olyapti’, — deydi shifokor.

Kadr: “Sevimli” telekanali

Vaholanki, mudhish voqea atrofdagi xonadonlarda istiqomat qilib kelayotgan fuqarolarni tahlikaga solib qo‘ygani bor gap. Biz esa ular bilan suhbatda bo‘ldik. ‘Men uyim ag‘anayapti, deb qo‘rqibman. Shovqinlarni eshitgandan keyin birdan qo‘rqdim-da, miyyam ‘tormozlanib’ qolib, oyoqyalang, boshyalang chopibman-da, mana bu yerga kelibman. Oynalarim sindi, eshiklarim sindi’, — deydi fuqaro.

Kadr: “Sevimli” telekanali

Ayni paytda hududda mas’ul tashkilotlar tomonidan tozalash ishlari olib borilmoqda. Mazkur hodisa sabab va oqibatlarini o‘rganish uchun respublika bosh vazirining birinchi o‘rinbosari boshchiligidagi hukumat komissiyasi voqea joyida surishtiruv ishlarini olib bormoqda”.

“O‘zbekiston” va “O‘zbekiston 24” telekanallari, “Axborot” va “Axborot 24” informatsion dasturlari

“Axborot”ning 7-dekabrdagi hisobot efirlarida Denovdagi portlash haqida ma’lumot berilmadi.

Muallif:Og‘abek Samisov