Denovdagi ikki qavatli savdo majmuasidagi portlash, dastlabki taxminlarga ko‘ra, gaz asbob-uskunalaridan foydalanish qoidalarining buzilishi oqibatida to‘plangan gaz-havo aralashmasining chaqnashi oqibatida yuz bergan. Bu haqda FVV Davlat yong‘in nazoratini tashkil etish boshqarmasi boshlig‘i O‘lmas Muzaffarov ma’lum qildi. Eslatib o‘tamiz, portlash oqibatida kamida 9 kishi tan jarohati olgan, 2 kishi halok bo‘lgan.

“Portlashning taxmin qilinayotgan sababi bu — savdo majmuasida gaz asbob-uskunalaridan foydalanish qoidalarining buzilishi oqibatida to‘plangan gaz-havo aralashmasining chaqnashi. Xavotirga o‘rin yo‘q. Hozirgi vaqtdagi asosiy taxminga ko‘ra, savdo majmuasi ichidagi gaz asbob-uskunalaridan foydalanish qoidalari buzilish oqibatida gaz-havo aralashmasi hosil bo‘lganligi va portlash aralashmaning chaqnashi oqibatida yuz bergan”, — dedi Muzaffarov.

FVV vakilining qo‘shimcha qilishicha, savdo majmuasi atrofidagi bir nechta aholi xonadonlari va ijtimoiy soha obyektlari binolariga, maishiy xizmat ko‘rsatish shoxobchalariga ziyon yetgan. “Hozirda baxtsiz hodisaning oqibatlarini bartaraf etish borasida FVV, IIO, Milliy gvardiya va tegishli idora va tashkilotlarning xodimlaridan iborat ishchi guruhlar ishlarni amalga oshirmoqda”, — deya qo‘shimcha qildi u.