Birlashgan Arab Amirliklarida (BAA) yangi ish haftasi joriy etiladi. Bu haqda BAA axborot agentligiga tayanib, Tengrinews xabar berdi.
“Haftalik ishning yangi sistemasi tasdiqlandi. Unga ko‘ra, haftada to‘rt yarim kun — ish kuni, shanba va yakshanba — dam olish kunlari, juma – soat 12:00 gacha davom etadigan yarim ish kuni bo‘lishi nazarda tutilgan”, — deb yozadi agentlik.
BAAda amaldagi ish haftasi bo‘yicha juma va shanba kunlari dam olish, yakshanba ish kuni hisoblanadi.
BAA hukumati masjidlarda juma xutbasi va namozi bir vaqtda o‘qilishi hamda mahalliy vaqt bilan soat 13:15 da (Toshkent vaqti bilan 12:15) boshlanishi haqida e’lon qildi. Odatda esa juma namozi soat 11:00 da boshlanib, 13:00 da tugaydi.
Shu bilan birga, davlat muassasalari xodimlari juma kuni masofadan turib ishlashi mumkin.
O‘zgarishlar 2022-yil yanvar oyidan kuchga kiradi.
Avvalroq Islandiyada ish haftasini qisqartirish bo‘yicha dunyodagi eng yirik tajriba muvaffaqiyatli o‘tgani xabar qilingandi. Muvaffaqiyatli sinovlardan so‘ng Islandiya kasaba uyushmalari mamlakat bo‘ylab o‘n minglab odamlar uchun ish haftalarini qisqartirdi. Hozirda Islandiyada mehnatga layoqatli aholining 86 foizi qisqaroq ish haftasiga o‘tgan yoki ish vaqtini qisqartirish huquqini olgan.
Izoh (0)