Birlashgan Arab Amirliklari (BAA) aholini COVID-19’ga qarshi emlash darajasining yuqoriligi bo‘yicha dunyoda birinchi o‘rinni egalladi. Bu haqda Vaccine Tracker ma’lumotlariga tayanib Bloomberg xabar berdi.

Foto: Reuters

Agentlik hisob-kitoblariga ko‘ra, BAAda hammasi bo‘lib 15,5 million doza vaksina ishlatilgan. Mamlakatda istiqomat qiluvchi 10 million aholining 72,3 foizi bir yoki ikki dozada vaksina olgan. Shularning 63,7 foizi koronavirusga qarshi to‘liq emlangan.

Aholini emlash darajasi bo‘yicha ikkinchi o‘rinda Seyshel orollari turibdi. U yerda aholining 71,7 foizi — 100 mingga yaqin odam COVID-19’ga qarshi emlangan. Kuchli uchlikning so‘ngidan Bahrayn joy oldi. Mamlakatda 2,07 million doza vaksina ishlatilib, aholining 69,7 foizi emlangan.

Bloomberg xabariga ko‘ra, vaksinatsiyada yetakchi bo‘lishiga qaramay, BAAda COVID-19 bilan kasallanish holatlari  yuqori bo‘lib qolmoqda. Mart oyidan buyon mamlakatda sutkasiga 2 mingga yaqin kishida koronavirus tasdiqlanmoqda. O‘tgan hafta AQSh koronavirusning “juda yuqori darajasi” tufayli fuqarolarni BAAga bormaslikka chaqirdi. Saudiya Arabistoni ham ushbu mamlakatga sayohat qilishni vaqtincha taqiqlagan, Buyuk Britaniya esa yanvar oyida BAAni “qizil ro‘yxat”ga kiritgan edi.

Shu bilan birga BAA jon boshiga koronavirus testlarini aksariyat mamlakatlardan ko‘proq o‘tkazadi, mamlakatda COVID-19’dan o‘limlar soni dunyodagi eng past ko‘rsatkichni tashkil qiladi.

BAA rasmiylari 4-iyul kuni Moderna kompaniyasining koronavirusga qarshi vaksinasidan favqulodda foydalanishga ruxsat berdi. Moderna BAAda tasdiqlangan beshinchi vaksina bo‘ldi.

Ayni paytda mamlakatdagi emlash dasturi mahalliy ishlab chiqariladigan Sinopharm vaksinasiga asoslangan. Mamlakat hukumati ilgari ikki doza vaksina olgan fuqarolarga Sinopharm vaksinasining uchinchi dozasini taklif qilishni rejalashtirmoqda.