Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilayotgan ipoteka va qurilish materiallari mavzusidagi videoselektor yig‘ilishida har bir hududda “uy-joy qurilish klasterlari” tashkil etilishi ma’lum qilindi. Bu haqda “Daryo” muxbiri xabar qildi.
Ushbu klasterlarda loyihalashtirish, xom ashyodan tortib, tayyor mahsulotgacha ishlab chiqarish zanjiri, zamonaviy texnika va malakali mutaxassislari bor qurilish tashkiloti, sifatni nazorat qilish laboratoriyasi bo‘lishi shart.
Davlat rahbari bunday klasterlar Toshkent viloyati va Navoiyda tashkil etilgan bo‘lib, qurilish konstruksiyalarining 80 foizini o‘zi ishlab chiqaradi va pudrat ishlarini ham o‘zi to‘liq amalga oshirishini aytib o‘tdi. Natijada, 1 kvadrat metr uyning tannarxi 3,5 million so‘m, ya’ni boshqa quruvchi korxonalarga nisbatan 20 foizga arzon tushayotgani qayd etildi.
Viloyat hokimlari Tashqi savdo va investitsiyalar vazirligi va “O‘zsanoatqurilishbank” bilan birga, uch oy muddatda ayni klasterlarni har bir hududda tashkil etishi bo‘yicha topshiriq berildi.
Bunda, viloyat hokimlari, masalan, yirik sement zavodlari bilan ishlab, ular bilan zamonaviy “uy-joy qurilish klasterlari” tashkil etishlari kerakligi ta’kidlandi.
“‘O‘zsanoatqurilishbank’ ‘uy-joy qurilish klasterlari’ni qo‘llab-quvvatlash uchun, 150 million dollar resurs jalb qilsin”, – deydi Prezident.
Buning hisobidan, shunday klasterlarga aylanma mablag‘ uchun 10 milliard so‘mdan revolver kredit, asbob-uskuna va qurilish texnikasi olib kelish uchun, 2 million dollarlik uzoq muddatli kreditlar ajratilishi aytildi. Zamonaviy asbob-uskuna va qurilish texnikasi olib kelish uchun, 2 yilga bojxona imtiyozlari beriladi.
Shu bilan birga, “O‘zsanoatqurilishbank” qurilish tashkilotlariga bunday texnikalarni lizing asosida xarid qilish imkoniyatlarini kengaytirish uchun, 50 million dollar resurs ajratish bo‘yicha bir hafta muddatda taklif kiritishi lozimligi bildirildi.
Izoh (0)