Toshkent shahrida Kasaba uyushmalari federatsiyasi tomonidan “Yangi O‘zbekiston — yangi kasaba uyushmalari” bayrami va Kasaba uyushmalari kuni munosabati bilan 11-noyabr kuni ayrim yo‘nalishlarda transport harakati cheklanadi. Bu haqda Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi xabar qildi.
Qayd etilishicha, shu kuni soat 08:00 dan 18:00 gacha bo‘lgan muddatda shaharning Buxoro ko‘chasi Buxoro—Buyuk Тuron chorrahasidan, Buxoro—Zarafshon chorrahasigacha bo‘lgan hudud yopiladi. Toshkent shahar IIBB tirbandliklarning oldini olish uchun haydovchilarga aylanma yo‘llardan foydalanishni tavsiya qilgan.
Avvalroq yo‘l ta’mirlash ishlari olib borilishi sababli Toshkent shahri Ahmad Donish ko‘chasining Amir Temur shohko‘chasi bilan kesishmasidan Nurafshon ko‘chasigacha bo‘lgan oralig‘idagi ikki tomonlama yo‘lning bir tomoni 7-noyabrdan 17-noyabrgacha qisman yopilishi xabar qilingandi.
Shuningdek, Toshkent shahrining Chilonzor tumanidagi Mahmudjon G‘afurov ko‘chasida transport vositalarining harakatlanishi 5 kun, 10-noyabrgacha cheklanishi, keyinroq shu yo‘lning ochilish muddati yana 5 kunga uzaytirilgani va u 15-noyabr kuni ochilishi ma’lum qilingan.
Izoh (0)