Toshkentning Olmazor tumanida joylashgan bankomatdan qariyb 400 million so‘m o‘g‘irlagan bir guruh shaxslar qo‘lga olindi. Bu haqda poytaxt IIBB matbuot xizmati xabar berdi.
Olmazor tumani IIO FMBdan kelib tushgan xabarga ko‘ra, 9-oktabrdan 10-oktabrga o‘tar kechasi noma’lum shaxslar banklardan birining bankomatini ochib, undan ichida 396 million 300 ming so‘m bo‘lgan 3 ta qutini olib ketgan. Mazkur fakt asosida Jinoyat kodeksining 169-moddasi (o‘g‘rilik) bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Toshkent shahar IIBB jinoyat qidiruv xodimlari tomonidan ko‘rilgan choralar natijasida gumonlanuvchilar — 25 yoshli A.A., 28 yoshli M. A., 26 yoshli U.A. va 25 yoshli M.M. qo‘lga olingan.
Ayni paytda tergov davom etmoqda.
Oktabr oyining boshlarida Toshkentning “Aviasozlar” dahasidagi bankomatlardan birini buzib, ichidan 165 million so‘m o‘g‘irlagan 24 yoshli shaxs qo‘lga olingani haqida xabar berilgan edi. Shunday holat avgust oyida ham yuz bergandi. 21 yoshli yigit Yashnobod tumani Parkent ko‘chasida joylashgan bankomatni buzib, pullarni o‘g‘irlamoqchi bo‘lganida qo‘lga olingan. Mart oyida esa Mirobod tumanidagi bankomatlarning biridan pul mablag‘larini o‘g‘irlashga uringan 26 yoshli yigit qo‘lga tushgandi.
Izoh (0)